FOTOREPORTAJ
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti 2022 yil yakunlari bo‘yicha “Greenmetrics UI” xalqaro nufuzli reytingida TOP-1000 ta oliy ta’lim muassasasi qatorida barqaror rivojlanayotgan oliygoh sifatida e’tirof etildi.
Faqat bugina emas. Yaqinda institutning 2 nafar talabasi nomdor davlat stipendianti bo‘ldi. Davolash ishi fakulteti 5-bosqich talabasi Nodirabegim Jamoliddinova Ibn Sino nomidagi Davlat stipendiyasi g‘oliblari qatoridan o‘rin olgan bo‘lsa, xuddi shu fakultetning 4-bosqichida tahsil olayotgan Oqilbek Muhammadjonovga Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi nasib etdi. Aslida institut talabalarining deyarli barchasi mana shunday iqtidorli, kuchli bilimga ega.
[gallery-10163]
Nodirabegim Jamoliddinova 2022 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik tanlovida ishtirok etib, “Tashabbuskor islohotchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
- bugungi kunda “Tibbiy ta’lim pedagoglari uchun tibbiyot pedagogikasi elektron metodik portalini yaratish” amaliy loyihasida jamoatchilik asosida qatnashib, innovatsion g‘oyalar ustida ish olib bormoqdaman, - deydi N. Jamoliddinova.
Oqilbek Muhammadjonov esa 2022 yil Rossiya Federatsiyasida tibbiyot yo‘nalishida o‘tkazilgan xalqaro olimpiyadada 1–darajali diplom bilan taqdirlandi. Uning sohaga doir ilmiy maqolalari xorij va mahalliy nashrlarda muntazam chop etib kelinadi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA