O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yuksalishning bir necha hal qiluvchi omillari bor. Bular, avvalo, so‘nggi yillarda erkin siyosat – erkin iqtisod tamoyilining qaror topganidir. Unga ko‘ra, dastlabki bosqichda milliy valyuta – so‘mning erkin konvertatsiyasi ochildi. So‘ngra tadbirkorlik sub’ektlariga qulay sharoitlar yaratildi.
Soliq va boshqa imtiyozlar berildi, ular faoliyatini tekshiruvga cheklovlar o‘rnatildi. Xorijiy investorlarga keng yo‘l berilib, huquqiy kafolatlar qonun va me’yoriy hujjatlar bilan mustahkamlandi. Yana bir muhim voqelik shundaki, endi o‘rta va quyi davlat idoralari, ularning rahbarlari chet ellik hamkasb va investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, birgalikda qo‘shma investitsion loyihalar tuzish va ishga solish huquq hamda imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Natija esa mamlakat iqtisodiyotida yildan-yilga ildam qadam tashlanayotganida ifodasini topmoqda.
Bu kabi o‘zgarishlar O‘zbekistonning iqtisodiyoti baquvvat Farg‘ona viloyatida ham ro‘y berayotir. Shu munosabat bilan biz viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov bilan suhbatlashdik.

Muxbir: – Dunyoning Koreya, Singapur, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlari iqtisodiyotida o‘tgan asrning ikkinchi yarmida keskin sakrash bo‘ldi. Va buni olim, tadqiqotchilar shu mamlakatlarga, keng qamrovli investitsiya jalb etishning natijasi, deb yozganlar. Menimcha, Farg‘ona viloyatida ham hozir shu kabi voqelik ro‘y beryapti. Masalan 2020 yilda Farg‘ona viloyatiga jalb etilgan xorijiy investitsiya 322,3 mln. dollar bo‘lsa, 2025 yil yakuniga ko‘ra 3,7 mlrd. dollar, shundan 2,5 mlrd. dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. 5 yilda 8 barobar o‘sish! Siz buni qanday izohlaysiz. Investitsiya miqdorining keskin oshishi qanday sabablar bilan bog‘liq? Investorlar safidagilar qaysi davlatlar? Investitsiya asosan qaysi soha va yo‘nalishlarga qaratilyapti?
N.Mamajonov: – 2025 yil Farg‘ona viloyatining xalqaro hamkorligida juda samarali yil bo‘ldi.
2025 yilda 1 281 ta (ish o‘rni 44 mingta) investitsiyaviy loyiha ishga tushirilib, 3,7 mlrd dollar, shundan 2,5 mlrd dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Masalan, Uchko‘prikda Xitoyning “Yong Xin” MCHJ XK tomonidan 90 mln dollar bo‘lgan yirik hajmdagi kafel mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, natijada 75 mln dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Buning hisobiga yillik 450 mlrd so‘mlik 29 mln kv metr yirik hajmdagi kafel mahsuloti ishlab chiqarish hajmi va 700 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi. Yoki Toshloq tumanida "VODIY MARHABO" MCHJ tomonidan 15 mln dollar bo‘lgan avtoklav gazoblok ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, natijada yillik 75 mlrd so‘mlik 2 mln dona mahsulot ishlab chiqarish hajmi va 85 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.
Viloyatimiz tadbirkorlaridan iborat delegatsiyalarimiz Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya, Quvayt, Germaniya, Belarus, Ozarbayjon, Malayziya kabi 13 ta xorijiy davlatda bo‘lib, 800 dan ortiq savdo-iqtisodiy muzokaralar o‘tkazdik.
Ushbu xizmat safarlari yakuni bilan jami 514 ta umumiy qiymati 8,5 mlrd dollar, shundan, 477 ta qiymati 8,3 mlrd dollarlik investitsiyaviy, 37 ta qiymati 239,9 mln dollarlik savdo kelishuvlari imzolandi.
Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatiga jami 344 ta xorijiy tadbirkor tashrifi natijasida umumiy qiymati 1,6 mlrd dollarlik 341 ta investitsiya loyihalari va qiymati 500 mln dollarlik 3 ta savdo shartnomalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
2025 yilda O‘zbekistonning 17 ta xorijiy davlatdagi elchilari bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi, 100 dan ortiq banddan iborat “yo‘l xaritalari” ishlab chiqib, ijrosi nazoratga olindi. Masalan, biz Avstriya, Latviya, Vengriya, Ozarbayjon, Germaniya, Malayziya, Fransiya, Ukraina, Turkmaniston, Eron Islom Respublikasi, Yaponiya, Singapur, Polsha, O‘mmon, Qatar, Quvayt va Qirg‘iz Respublikasidagi O‘zbekiston elchilari bilan muntazam ishlayapmiz.

Muxbir: – Investitsiya borasida 2026 yil rejalari qanday? Yana qaysi mamlakat tadbirkorlari, kompaniya va korporatsiyalari Farg‘ona viloyati bilan hamkorlik qilmoqchi?
N.Mamajonov: – 2026 yilda 1 424 ta (ish o‘rni 52 mingta) loyihani ishga tushirib, 4,2 mlrd dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish. Shundan 3,1 mlrd dollar xorijiy va 1,1 mlrd dollarlik mahalliy investitsiyalar jalb etilib, 2025 yilga nisbatan 1,1 barobarga o‘sish ta’minlanadi. Masalan, Toshloq tumanida Xitoy bilan hamkorlikdagi “Farg‘ona metallurgiya zavodi” MCHJ QK tomonidan 120 mln dollarlik polimer qoplamali ruxlangan po‘lat rulonlar ishlab chiqarish loyihasi doirasida umumiy 100 mln dollar o‘zlashtiriladi (2025 yilda 40 mln dollar o‘zlashtirildi). Quva tumanida 26 gektarda Turkiyaning “Heyal Holding” kompaniyasi tomonidan 2-bosqichli loyiha qiymati 350 mln dollar bo‘lgan “Turk maxsus sanoat zonasi” tashkil etiladi, 2025 yil noyabr oyida qurilishga start berildi, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Yoki, Yaponiyaning “Micado Development” kompaniyasi ("Shogun city" MCHJ XK) Farg‘ona shahrida “Yangi O‘zbekiston” massivida qiymati 60 mln. dollarlik bo‘lgan yapon bog‘i, mehmonxona, restoranlar majmuasini barpo etish doirasida 17 mln dollar o‘zlashtiradi. Yanvar oyida viloyat delegatsiyasi Xitoyga xizmat safarida 48 ta umumiy qiymati 616,8 mln.dollar, shundan 44 ta qiymati 601,8 mln.dollarlik investitsiya va 4 ta qiymati 15 mln.dollarlik savdo kelishuvlari ishlab chiqilmoqda.
Fevral oyida AQSHga xizmat safari davomida esa 10 ta umumiy qiymati 610 mln dollar, shundan 8 ta qiymati 609 mln dollarlik investitsiya va 2 ta qiymati 1 mln dollarlik savdo kelishuvlari ishlab chiqilmoqda.
Muxbir: – Har qanday mamlakatning iqtisodiy imkoniyati, salohiyati albatta uning eksport imkoniyati bilan baholanadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2026 yilda O‘zbekiston eksport hajmini 40 mlrd. dollarga yetkazish zarurligini aytdilar. Bunda Farg‘ona viloyatining ulushi qancha bo‘ladi? 2025 yil eksportining o‘ziga xos tomonlari nimada edi?
N.Mamajonov: – 2025 yilda 1,1 mlrd dollarlik, shundan qishloq xo‘jaligi 402 mln dollar, sanoat mahsulotlari 695 mln dollarga yetkazildi (2024 yilga nisbatan o‘sish 1,3 barobar).
Natijada eksport geografiyasi 67 ta davlatni tashkil etib, 2025 yilga nisbatan 11 ta davlatga kengaydi. Ular orasida Meksika, Vengriya, Shvetsiya, Ruminiya, Aljir, Gretsiya, Slovakiya, Ummon, Tayland va Maldiv respublikasi bor.
2025 yilda Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk viloyatida “Aziya sibir”, Omsk viloyatida “Frukt Siti” bozorlari, 10 ta davlatda (Rossiya, J.Koreya, Xitoy, Tojikiston, Ozorbayjon, Latviya, Litva va Qirg‘iziston) 40 ta savdo uylari tashkil etilib, mahsulotlar eksporti hajmlari kengaytirildi.
AQSH va Yevropa davlatlariga amalga oshirilgan eksport hajmlari 2025 yilning mos davriga nisbatan 2 barobar oshib, 110 mln dollarni (2024 yilda 51 mln dollar) tashkil etdi.
“Quva-AgroStar” MCHJ hamda “Sherakhun” MCHJ tomonidan joriy yil oktyabr oyidan boshlab Yaponiyadagi dunyoning eng yirik va nufuzli chakana savdo tarmoqlaridan - AEON va KOSTKO do‘konlarida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostida ilk marotaba uzum va anor mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yildi.
AMAZON, VALBERS, OZON kabi xalqaro onlayn savdo platformalari orqali viloyat korxonalari 23 mln dollarlik mahsulotlarni eksport qildi. Shuningdek, viloyatda yaratilgan madeinfergana.com onlayn savdo platformasi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini xalqaro bozorga keng taqdim qilish ishlari boshlangan.
2026 yilda 1,6 mlrd dollarlik. shundan qishloq xo‘jaligini 500 mln dollar, sanoat mahsulotlarini 1,1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha rejalar belgilab olingan.
Bu yil Xitoy davlatiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (gilos, o‘rik, olxo‘ri, quritilgan mevalar, uzum danagi, achchiq va shirin mag‘iz, mosh) eksport hajmlari 4 barobarga oshiriladi.
AQSH, Yaponiya, YeI bozorlariga eksportni oshirish maqsadida 32 ta qishloq xo‘jaligi, sanoat va oziq ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga 40 ta sertifikat olamiz, 8 ta davlatda (Amerika, Polsha, Germaniya, Afg‘oniston, Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va Yaponiya davlatlarida) yangi savdo uylari va omborlarini ochamiz.
Yuqoridagi “savdo uyi” ochiladigan davlatlar hisobiga eksport qilinadigan mahsulotlar turi 46 taga, eksport hajmi 1,35 mlrd. dollarga yetkazilishi ta’minlanadi.
Muxbir:– Xalqaro reyting agentliklari ham Farg‘ona viloyatidagi kredit reytingini baholashda ijobiy xulosalar bermoqda. Bu boradagi ishlar ham davom etsa kerak?
N.Mamajonov: – 2025 yilda xalqaro “S&P Global” reyting agentligi Farg‘ona viloyatining xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli kredit reytingini ikki marta yaxshilab, so‘nggi marta noyabr oyida “B+” darajadan "BB-"ga ko‘tardi va barqaror o‘sishni prognozlashtirdi.
Bundan tashqari, “Moody’s” xalqaro reyting agentligi bilan viloyat reytingini olish bo‘yicha muzokaralarimiz jadal ketmoqda, 2026 yil 1-choragi yakunida ushbu reytingni olishimiz kutilyapti.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/t_iuuDs1fww" title="Farg‘ona iqtisodiyoti barqaror o‘smoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov (video, surat), O‘zA