Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari 105 yoshga to‘ldi
13:57 / 2022-10-15

O‘zbek milliy jurnalistikasida Farg‘ona matbuotining muhim o‘rni bor. Sohada katta maktab yaratgan otaxon nashr-“Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalarining ilk soni chop etila boshlaganiga 105 yil to‘ldi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi gazetalar tahririyati bilan hamkorlikda mazkur sanaga bag‘ishlab “Matbuot uyi”da tashkil etgan tadbirda gazetada uzoq yillar ishlagan faxriy jurnalistlar, jamoa a’zolari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Muhammadjon Obidov, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Doniyor G‘aniyev, Gulbahor Saidg‘aniyeva, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ibrohimjon Halimbekov gazetaning tarixi va bugungi faoliyati xususida so‘z yuritdi.  

Bosma matbuotning ta’sirchan kuchi farg‘onalik jurnalistlarning faoliyatida yaqqol ko‘rinayotganligi qayd etildi. Bir guruh faxriy jurnalistlar va tahririyat xodimlariga viloyat hokimining faxriy yorliqlari topshirildi. Qaytarilmas xotiralarni eslash va bugungi kun muammolari haqidagi suhbatlar bir piyola choy ustida davom etdi.

[gallery-9150]

Darhaqiqat, Farg‘ona jurnalistikasiga tamal toshi qo‘ygan gazeta bir asrdan ortiq davr mobaynida matbuotning jamiyat hayotidagi o‘rnini ko‘rsata oldi. Uning har bir sonini varaqlar ekansiz, o‘tkir va tahliliy maqolalarning guvohi bo‘lasiz, suratlar esa tarixdan so‘zlaydi.  Gazetaning har bir soni yangidan “tug‘iladi”, sahifalardagi barcha narsalar o‘zgaradi, hatto davrlar silsilasida uning nomi ham. “El bayrog‘i”, “Mehnat bayrog‘i“, ”Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona”, “Kommuna”, “Farg‘ona tongi”, “Oltin vodiy” va nihoyat “Farg‘ona haqiqati”.

Biroq birinchi sahifa avvalida “Gazeta 1917 yil 14 oktyabrdan chiqa boshlagan” degan jumla 105 yildan buyon o‘zgarmay turadi. Nashrning birinchi sonini tayyorlagan jurnalist ham, bugungi 24681-sonini chop etishga imzo chekkan navbatchi muharrir ham bu jumlaga birrov ko‘z tashlagan.

Gazeta o‘z tarixida qanchadan-qancha voqealar, taloto‘plar, zug‘umlarni boshdan kechirdi. Shodumon kunlarni, tashvishli onlarni ham ko‘rdi, adadi 100 000 tadan oshgan, 2000 taga tushib qolgan vaqtlar ham bo‘ldi. Lekin yashashda, gazetxon bilan yuzma-yuz bo‘lishda, xonadonlarga yangiliklarni orqalab kirib borishda davom etdi.

Bu muqaddas dargohda ne-ne allomalar, dunyoga dovrug‘i ketgan yozuvchi-shoirlar, mahoratli jurnalistlar ishlamagan deysiz. Akmal Ikromov, Nazirjon To‘raqulov, Hamza Hakimzoda, So‘fizoda, Abdulla Qodiriy, Sobir Abdulla, Abdulla Qahhor, Komil Yashin, Usmon Nosir, Akmal Po‘lat, Adham Rahmat singari el ardog‘idagi insonlar tahririyatda jonbozlik ko‘rsatgan.

Gazetaning ijodiy an’analarini Abdulla Mirzayev, Vog‘iz Muzaffarov, Adham Hamdam, Sherali Toshmatov, Doniyor Ergashev, Oxunjon Hakimov, Yo‘ldosh Sulaymon, Malika Mirzayeva, Komil Jo‘ra, Anvar Yunusov, Adhamjon Karimov, Alisher Ibodinov, Mahfuza Usmonova va boshqa yuzlab ijodkorlar davom ettirgan. Hozir respublika va viloyat gazeta-jurnallarida, radio, televideniye, internet nashrlarida ijod qilayotgan jurnalistlar, ularni nomma-nom aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi, shu dargoh maktabida o‘qiganlar.

Bugun ham belni mahkam bog‘lab, xalq xizmatiga shay turgan gazeta ijodiy jamoasi mamlakatimizda, viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xalqimizning boy tarixi va madaniyati, turmush darajasi, mustaqillik ne’matlari, sanoat, qurilish, paxtachilik, g‘allachilik va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlarni keng targ‘ib qilish orqali Farg‘ona shuhratini yuksaltirishga, viloyating shonli tarixini yaratishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Bir asrni ortda qoldirgan nashr o‘z davrida “Hurmat belgisi” ordeni, “Oltin qalam” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan. Tahririyat jurnalistlaridan 4 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, 19 nafari orden va medallar bilan taqdirlangan. Bir nafar jurnalist SSSR Oliy Majlisi, mustaqillik yillari esa 3 nafar jurnalist O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylangan.

 

M.Sulaymonov, O‘zA

 

M.Qodirov olgan surat