Buyuk ipak yo‘lidagi Shinjon hali ochilmagan ne-ne siru sinoatlarga boy. Ulardan biri Turfon shahri, uning tarixi va dehqonchilikda erishayotgan mo‘’jizaviy natijalaridir.
Jurnalist Muhammadjon Obidov o‘zining “Shinjon: Turfon mo‘’jizalari” hujjatli publitsistik filmini yaratdi.
Turfon yer yuzidagi dengiz sathidan eng chuqur bo‘lgan makondir va shuning uchun u yer hamisha issiq. Natijada bu yerda suv tanqis. Ming yillardirki, aholi ichish va dehqonchilik uchun Tyanshan tog‘laridan oqib tushayotgan suv irmoqlarini o‘zlari kavlab ochgan yer osti ariqlari orqali Turfonga olib keldi. Shu suv bilan 40 ming gektardan ortiq plantatsiyalarda uzum yetishtiriladi. Uning 95 foizi dunyoga mashhur mayizga aylanadi.
Film ijodkorlari Turfon mo‘’jizalarini birin-ketin dalillar aks etgan kadrlarda tahlil qiladi. Shu zamin odamlari bilan bo‘lgan suhbat, intervyularda insonlar qalbini, orzu-umidlari, hayotiy qarashlarini ishonarli tarzda ochib berishga muvaffaq bo‘lganlar.
“Shinjon: Turfon mo‘’jizalari” filmi taqdimotida ishtirok etgan professor Xurshid Do‘stmuhammad, akademik Ne’matillo Ibrohimov, “O‘zbekkino” raisi Shuhrat Rizayev, professor Sherzod Qudratxo‘ja, shayx hazratlari Abdulaziz Mansur va boshqalar film O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarida ochilgan yangi sahifa bo‘ldi, dedilar. Ular ta’kidlashdiki, ayni paytda xalq diplomatiyasi, ommaviy axborot vositalari orqali axborot almashinuv va shu kabi filmlar odamlar bir-birini anglashi uchun g‘oyat muhim vositadir.
[gallery-21042]
– Film biz uchun yangi yil arafasidagi quvonchli voqea bo‘ldi va u O‘zbekiston – Xitoy davlat rahbarlari qabul qilgan ikki mamlakat munosabatlarining strategik sheriklik maqomining amaliy natijalaridan biri deyish mumkin, – dedi taqdimotda ishtirok etgan Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun. – “Farg‘ona haqiqati” gazetasi, jurnalist Muhammadjon Obidov nafaqat O‘zbekistonda, balki Xitoyda ham taniqli. Gazeta Xitoyning kambag‘allikdan chiqarish tajribasi haqida maqolalar tanlovini yuksak darajada o‘tkazgani bizga ma’lum edi. Mana endi u ikki mamlakat xalqlari munosabatlarini mustahkamlashga chorlovchi ajoyib filmni sovg‘a qildi.
[gallery-21034]
Darvoqe, “Shinjon: Turfon mo‘’jizalari” filmi qaysidir taniqli studiyalarda emas, balki “Farg‘ona haqiqati” gazetasi qoshidagi muallif va boshlovchi Muhammadjon Obidov boshchiligida tahririyat mablag‘iga “Ko‘ngil” ijodiy guruhi tomonidan yaratilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UMPggwtMZO0" title="“Farg‘ona haqiqati” gazetasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tasvirchi Elyor Olimov uchun bu birinchi yirik kinoasar bo‘lsada, voqelikning kishi payqamas nuqtalarini topa olgan va tasmaga muhrlagan.
Kirib kelayotgan 2025 yilning ilk kunlari “Shinjon: Turfon mo‘’jizalari” filmi mamlakat telekanallari orqali namoyish etiladi.
M.Obidov, E.Olimov (surat, video), O‘zA