Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona: hammasi quyosh paneli tufayli (+video)
20:13 / 2024-08-08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq bugungacha Farg‘ona viloyatida ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralaridan 1045 ta ob’ektga quyosh panellari o‘rnatilib, uning quvvati 13,6 mVt ga yetdi. Bundan tashqari 3436 ta xonadonga esa 5,9 mVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi.

Xo‘sh, u nima bermoqda? 

Farg‘ona shahridagi Sharshara mahallasi, Sharshara ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nodirbek Sobirov xonadonidamiz. Hovlidagi uylarning biri tomiga 19,6 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quyosh panellari o‘rnatilgan. Xonadonda barcha turdagi elektr iste’moli jihozlari bor va ular uzluksiz ishlab turibdi. Nodirbekning aytishicha, ilgari elektr uchun oyiga 500-600 ming so‘mgacha to‘lab kelgan. Endi esa... 

–Konditsioner, sovuqxonalarni keragicha bemalol ishlatyapmiz. Quyosh panelimiz ishlab chiqargan energiyadan har kuni o‘rtacha 60-70 kVt soatligini davlatga sotyapmiz, – deydi Nodirjon Sobirov. –Bu har kuni oilamizga 50-60 ming so‘m foyda kelyapti. 

Tinchlik mahallasidan bo‘lgan Mirzamaxmud Ahmadaliyev esa hisob-kitobi puxta oila boshliqlaridan biri ekan. Uning xonadonida yoritish chiroqlaridan tashqari ikkita konditsioner, sovuqxona, tefal, dazmol, suv nasoslari ishlab turibdi. Bunday bemalolchilikning sababi – quyosh panellari o‘rnatilganida. 

– Gibrid tizimidagi 3 kVt soatlik quyosh paneli o‘rnatdim. Uning akkumulyatori bor. Davlat ta’minotidagi elektr uzilsa, akkumulyatorlar 12 soatgacha xonadonimizni elektr bilan ta’minlaydi, – deydi Farg‘ona shahridagi Tinchlik MFY fuqarosi Mirzamaxmud Ahmadaliyev. – Har kuni oilada ishlatganimizdan tashqari 100 kVt elektr energiya sotyapman. 

Ha, siz to‘g‘ri eshitdingiz. Xonadon sohibi endi elektr iste’molchisigina emas, balki uni ishlab chiqaruvchi va sotuvchidir. 

–“Soliq.uz” ilovasi bor. Unda “Quyoshli xonadon” degan bo‘limi bor. Unga plastik kartam raqamlari kiritilgan bo‘lib, har oyda davlatga sotgan elektr energiyamning puli kelib tushadi, – deydi Mirzamaxmud Ahmadaliyev. 

Shunday qilib, xonadonga uch yillik kredit asosida 70 mln so‘mlik quyosh panellari o‘rnatilgan edi. Natijada oila bepul elektr energiyasiga ega bo‘ldi, kreditni esa ortiqcha energiyani sotib uzishmoqda. 

–O‘rnatgan quyosh panellarining afzalligi shundaki. Xonadonni elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji bepul qoplanadi va ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyani sotib davlatdan pul olyapmiz. Buni har bir xonadonda qo‘llash imkoniyati bor. 
Bu gaplar ertak emas, bugunning haqiqati. 

Tadbirkor ham har so‘mni yuz bor xisoblaydi.“KAMRON POYABZAL” oilaviy korxonasida mavsumga qarab 50tadan 300 tagacha ishchi mehnat qiladi. Oila boshlig‘i Nurmatjon Abdullayev avval iqtisod, keyin siyosat, deguvchilardan. 

–512 ta panellar o‘rnatganmiz. U soatiga 280 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi, –deydi “KAMRON POYABZAL” oilaviy korxonasi rahbari Nurmatjon Abdullayev. –Ilgari har oyda ishlatilgan elektr uchun 25-30 million so‘mgacha pul to‘lar edik. Endi bir so‘m ham to‘lamaymiz. Qolaversa foyda ham ko‘ryapmiz. 

Oyiga 20-30 mln so‘m elektrga to‘lash qayerda-yu, tekin energiya qayerda. Bugun u boshliq kattagina oilaviy korxona yuz foiz quyosh panellaridan olingan quvvatlar bilan ishlayapti. To‘g‘ri 512 ta panel ham arzon emas. Lekin Nurmatjonning aytishicha, uning harajati uzog‘i bilan 2 yilda qoplanadi va kelgusi yillar uchun bu panellar ham, uning energiyasi ham to‘lig‘icha tekinga qoladida. Buni ko‘rgan qo‘ni qo‘shnilar allaqachon g‘imirlab qolganlar. 

–Tadbirkorlar kelib ko‘rib ketishyapti. Yonimizdagi ikkita tadbirkor: biri 130,ikkinchisi 230 kVt soatlik quyosh panellari qo‘ydi, – deydi Nurmatjon Abdullayev. –Biz endi bu boradagi tajribamizni boshqa tadbirkorlar orasida targ‘ib qilyapmiz. 

–Farg‘ona shahridagi 560 ta ijtimoiy soha obektlari va tadbirkorlik subektlariga quyosh panellari o‘rnatilgan. Ularning quvvati 10 MVt tashkil qiladi, – deydi Farg‘ona shahar elektr ta’minoti korxonasi bosh mutaxassisi Doniyor Valijonov. –121 ta aholi xonadonlariga ham quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib. Ularning quvvati 0,4 mVtga teng. Hisob kitoblarimizga ko‘ra 6 oy davomida Farg‘ona shahrida qayta tiklanuvchi elektr manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiya 24 million kVtni tashkil qiladi. 

Agar Farg‘ona viloyatida quyosh panellari shunday tezlikda qo‘yilaversa, ishoning, yil oxiriga borib davlat ta’minotidagi elektr quvvatlariga ehtiyoj anchayin pasayadi va hatto qishning chillasida ham ta’minotda uzilishlar bo‘lmaydi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xKHS_IRqY6w" title="FARGʻONA: HAMMASI QUYOSH PANELI TUFAYLI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov Tasvirchi: Elyor Olimov