English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona: Ezgulikdan daromad topayotgan oila (+oila)
17:03 / 2024-03-06

Gulni hayot, baxt, orzu ramzi deb ta’riflaydi, shoirlar. Darhaqiqat, u insonga xush kayfiyat, qalbiga ezgulik baxsh etadi.

Beshariq tumanidagi “Do‘stlik” mahallasida Rustam ota Xo‘jaqulovlar oilasi farzandi Shuhratjon bilan istiqomat qiladi. Bu xonadonni ezgulik bulog‘iga qiyoslash mumkin. Chunki xovlida bir qarich ham bo‘sh joy yo‘q. Xammasiga gullar ekilgan. 10 sotix maydonda esa issiqxona tiklangan.

–  Faoliyatimizni dastlab atirguldan boshlaganmiz., – deydi Shuhratjon Xo‘jaqulov. –  20 tup atirgulni qalamchadan ko‘paytirib, uni bozorga olib chiqib sotdim. Daromad ko‘rganimdan so‘ng, qiziqishim yanada ortdi. Uni kengaytirish ustida izlana boshladim. 

Gulchilikda nasl, ya’ni urug‘ning “ota-onasi” tabiati muhim. Tanasi baquvvat, uzoq vaqt ochilib tura oladigan, chiroyda maftunkor gullar butun dunyoda qadrlanadi. Shuning uchun ham Shuhratjon sinovdan o‘tgan sara urug‘larni Gollandiyadan keltiradi.

– 50 turdan ortiq xonaki gullarimiz, 20 xildan ziyod ko‘chalarga ekiladigan mavsumiy gullarmiz bor. Flargoniya, geran, qora shaxzoda, begoniya, shafran, bananza, Xitoy atirguli shular jumlasidandir, – deydi u.

Shuhratjonning rejalari ulkan. Issiqxonada urug‘ni o‘zi yetishtiradigan bo‘linma tashkil qilmoqchi. Bundan tashqari...

– 10 sotix yerda gul yetishtirayotgan bo‘lsak,  u yerda asosan mahallamizdagi 15-20 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Mavsum paytida ishchilar soni yana ortadi, – deydi Shuhratjon Xo‘jaqulov. –  Qo‘shimcha yer olib, chet eldan keltirilayotgan manzarali daraxtlarni o‘zimizning sharoitga moslashtirib, mahalliylashtirish niyatidamiz.

Har bir gulning o‘ziga xos tabiati bor. Ularga ana shu talabdan kelib chiqib yondashish zarur.

– O‘tgan yilda oilamiz bilan 300 million so‘mdan oshiq daromadga ega bo‘ldik. Xarajatlardan ortgan mablag‘larimiz faoliyatimizni kengaytirishga sarflanyapti, – deydi moxir gulchi.

Shuhratjon yangilikka intiluvchan yigit ekan. Qishning qahraton kunlari gullar ostidan, xalq tilida “issiq pol” deyiladigan uslubni qo‘lladi.

– Mana bu ko‘rib turgan gullaringiz tagiga quvurlar o‘tkazilgan.  Uning ichida muntazam  issiq suv aylanib turadi, – deydi topqir tadbirkor. –  Bu usul yaxshi samara beradi. Shu orqali gullarni sovuqdan asraymiz. O‘tgan yilgi anomal sovuq davrida ham gullarimiz nobud bo‘lmadi. 

Gulchilar oilasi gullarni faqat ildizdan emas, bargidan oziqlantirish uslubini ham qo‘llamoqda. Bunda mineral o‘g‘it suvga aralashtirilib sepiladi.

Namangan gulchilikda katta maktab yaratdi. Bugun uning sarchashmalarini Beshariqda ham ko‘rasiz.

– Har yili o‘tkazilib kelinayotgan Namangan shahridagi gullar bayramiga borib, u yerdagi usta gulchilar bilan tajriba almashamiz. Namanganlik gulchilar katta tajribaga ega bo‘lishsalar-da, biz ham ulardan qolishmaslikka harakat qilamiz, – deya qo‘shib qo‘ydi u. 

Beixtiyor o‘ylab qolasan, beshariqlik Shuhratjon qilgan ishni boshqa tumandoshlari  qila olmaydimi? Unga nima kuch, quvvat, shijoat berdi?

– Dadam qanday ish qilsang ham, farzandlaringni halol pul bilan boqqin, elga nafing tegsin deya nasihat va duolar qilardi. Ana shu duolar sabab shu kunlarni ko‘rayapman.

Bu Shuhrat Xo‘jaqulovning hayot falsafasi edi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vHnjc-wusq8" title="Fargʻona: Ezgulikdan daromad topayotgan oila" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon OBIDOV,

Tasvirchi: Elyor OLIMOV.