Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona: ekoshahar qurilishi davom etmoqda
11:13 / 2023-01-12

Farg‘ona viloyatida Farg‘ona shahridagi ekoshahar hududi, Farg‘ona tumanidagi “Yangi asr”, Yozyovon tumanidagi “Yuqori soybo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yangi O‘zbekiston” massivlari qurilishi qizg‘in davom etmoqda. Bu hududlarda 143 ta 6 ming 390 xonadonli uy-joylar qad rostlamoqda.

Viloyat markazidagi 300 gektar toshloq yerda barpo etilayotgan ekoshahar  loyihasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.  Ayni paytda bu yerda “Yangi O‘zbekiston” massivining dastlabki bosqichida 4 ming 300 xonadondan iborat 80 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. Bu yerda Navro‘z bayrami arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz  yangi uy to‘ylarini nishonlaydi.  

– Tabiiy-iqlim sharoiti o‘rganilib, geologiya-qidiruv ishlari natijasida bu yerda jahon andozalari darajasida 7 qavatdan 25 qavatgacha bo‘lgan uylar qurilishi ko‘zda tutilgan, – deydi Farg‘ona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Lazizbek Pozilov. – Shu maqsadda viloyat hokimligi delegatsiyasi tarkibida quruvchi-tadbirkorlarimiz bilan birga Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya tajribasini o‘rganib keldik.  

Loyihaga ko‘ra, yangi massivda 2025 yilga qadar 60 ming, yaqin istiqbolda 150 ming aholi yashashiga mo‘ljallangan zamonaviy shaharcha qad rostlaydi. Barcha kommunikatsiya – ichki yo‘llar, elektr va issiqlik ta’minoti, ichimlik va oqova suv tarmoqlari xarajati to‘liq davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. O‘z navbatida hududda 6 ta maktab, 10 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, 4 ming o‘rinli amfiteatr, madaniy inshootlar, sun’iy ko‘l, kanal quriladi. Shuningdek, 70 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilmoqda.  

– Kommunikatsiya xarajatlari davlat hisobidan bo‘layotgani uylarning deyarli teng yarimiga arzon bo‘lishini ta’minlayapti,– deydi “Kamolxonov Jahon”  mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Jahongir Kamolxonov. –  Misol uchun hozirda 1 metr kvadrat uy narxi o‘rtacha 4,5 milion  so‘m bo‘lmoqda. Agar kommunikatsiya xarajatlari qo‘shilsa, uyning 1 metr kvadrati 9 million so‘mga baholanardi. Xullas, uy oluvchiga ham, qurilish tashkilotiga ham imtiyozlar bor.  

Shu kunlarda  massivda yana 50 ta ko‘p qavatli uy qurish uchun yer maydonlari imtiyozli tarzda auksion savdolariga chiqarildi. Bank krediti, subsidiya ajratish, hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari bilan bog‘liq masalalarni tez va o‘z vaqtida hal etish maqsadida shu yerning o‘zida ipoteka markazi qurib bitkazildi.  

2023 yildan boshlab har bir ko‘p qavatli uyda ota-ona qaramog‘idan mahrum, yetim bolalarga subsidiya asosida yoki bepul tarzda berilishi uchun 1 xonali uylar qurish ham rejaga kiritildi. Uylar yo‘laklarida nogironligi bor shaxslar uchun panduslar o‘rnatilishi qat’iy talab sifatida belgilandi. Har bir uy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlanib, tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilyapti. Kommunikatsiya jihozlari yer ostida – bitta tunnelda jamlanmoqda. Bu keyinchalik ta’mirlash ishlarini qulay sharoitda, sifatli bajarish imkonini beradi.  

–Uylar loyihasi rang-barang: birining tom qismida yashil hudud tashkil etilayotgan bo‘lsa, yana birida sport maydoni, umumiy ovqatlanish shoxobchalari bo‘ladi, – deydi quruvchi Abdulaziz Usmonov. – Birinchi qavatda kundalik foydalaniladigan jihozlar, bolalar velosipedlari, o‘yinchoqlarini saqlashga mo‘ljallangan maxsus joy hozirlanyapti. Bu xonadon sohiblarini kerakli jihozlarni har kuni yuqori qavatga olib chiqish va olib tushishdan xalos etadi.  

Har bir inson hayotda o‘z boshpanasi bo‘lishni istaydi. Mana bunday uy-joylarning bunyod etilishi esa yurtimizda inson qadri ulug‘ ekanligidan dalolatdir.  

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA