Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqotlar izchil davom ettirilmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarning ta’lim olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universitetida talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida bildirilgan tashabbuslar asosida talaba-yoshlarga murojaat yo‘lladi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati Yoshlar ittifoqi kengashi raisi Alisher Anvarov, keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Muloqot davomida rektor yoshlar bilan ochiq muloqotda ilgari surilgan tashabbus va vazifalarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, yoshlar salohiyatini rivojlantirish, ularning yetakchilik qobiliyatlarini yuksaltirish, tashabbuskor talabalarning innovatsion g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, bu borada amalga oshirilayotgan davlat siyosati va aniq chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Uchrashuvda talaba-yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar mutasaddilar tomonidan umumlashtirilib, ular asosida manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi. Bu esa yoshlarning faolligini oshirish va tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.


Tadbir yakunida professor Bahodirjon Shermuhammadov Prezident tashabbuslaridan kelib chiqib, talaba-yoshlarga qaratilgan murojaatini o‘qib eshittirdi. Mazkur murojaat yosh avlodni yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirishga undadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA