French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona davlat universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda
12:20 / 2021-06-10

Mamlakatimizda ko‘plab sohalar bilan bir qatorda oliy ta’lim sohasini ham rivojlantirish uchun katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalari bilan aloqalarni o‘rnatish borasida amaliy ishlarga kirishilgan. Bu esa ilg‘or ta’lim standartlarini joriy etish, tajriba almashishda muhim samara berayotir.

Farg‘ona davlat universiteti 4 yil davomida xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida dunyoning 70 dan ortiq rivojlangan mamlakatlari nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnata oldi. Endilikda ushbu xalqaro hamkorlik geografiyasi yanada kengayib, ularning safiga Rossiya Federatsiyasining Kuban davlat agrar universiteti qo‘shilmoqda. Farg‘ona davlat universitetining mevachilik va sabzavotchilik kafedrasi bu borada ilk qadamlarni tashlagan holda dastlabki ta’sis yig‘ilishini o‘tkazdi.

Birinchi marotaba Kuban universiteti bilan o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy muloqot videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqotning bosh maqsadi — universitetlar o‘rtasida ilmiy sohada hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, aspirantlar, universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy stajirovkalarini amalga oshirish, qo‘shma nashrlar chop etish, talabalar akademik almashinuvlarini joriy qilish, magistratura va aspirantura dasturlari bo‘yicha hamda masofaviy o‘qitishda istiqbolli hamkorlik olib borish kabi yuksak rejalarni ko‘zlaganligi bilan ahamiyatlidir.  

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, yangi hamkor — Kuban davlat agrar universiteti qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Rossiyada yetakchi va eng yirik oliy ta’lim dargohidir.

Muloqot davomida ikki hamkor oliy ta’lim muassasasining professorlari aynan mana shu vazifalar to‘g‘risida muhokama olib bordilar.

Rossiya Federatsiyasi meva va sabzavot yetishtirishda, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasida peshqadam davlat sifatida o‘zining uzoq yillik kuchli tajribasi va yuksak ilmiy salohiyatiga ega. Ushbu tajribalarni hamkorlik natijasida O‘zbekistonda ham keng ommalashtirish, o‘rganish, tadqiq qilish barcha uchun manfaatlidir.

Videokonferensiya so‘ngida Kuban davlat agrar universiteti va Farg‘ona davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasining imzolanishi ushbu manfaatlarning tasdiqnomasi bo‘ldi. Zero, har qanday xalqaro aloqalar mohiyatida ham yutuqlar almashinuvi, rivojlanish sari butun jahon ommasi bilan teng harakat qilish, bu orqali xalqning farovon turmushini ta’minlashday ezgu maqsadlar mujassamdir.

 

M. Sulaymonov, O‘zA