French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi – O‘zbekiston Qahramoni Lola opa dalasida
17:06 / 2021-10-07

Kuz fasli xalq xirmonining barakasi va hosilini taqdim etuvchi, dasturxonlarimizga fayz baraka ulashguvchi saxovat pallasidir. Paxtachilikda klaster tizimining joriy etilgani bugun fermerlarga katta manfaat keltirmoqda. Endi paxtaning o‘z egasi bor.

Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi jamoa Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni, universitetning faxriy professori Lola opa Murodovaning paxta dalasida bo‘ldi.  

Paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga necha yillardan beri ibrat maktabi vazifasini o‘tayotgan, o‘z fidokorona mehnati bilan  dovruq qozongan Lolaxon Murodova joriy yilda ham paxtadan mo‘l hosil oldi. Qahramon opa qishloq xo‘jaligida, xususan, bog‘dorchilik va dehqonchilikda yoshlar o‘rnak oladigan, tajribalarini ommalashtirishga arziydigan ilg‘or soha mutaxassisidir.  

Shu bois, Lola opaning xizmatlari alohida e’tirof etilib, 2019 yilda ushbu shijoatda yagona fermer ayolga Farg‘ona davlat universitetining “Faxriy professori” unvoni berilgan. Bugun Lola Murodovaning mazkur sohada olib borayotgan sharafli ishlari, g‘ayrati va tashabbuskorligi uchun universitet rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari taqdim etildi.  

–Lola opa nafaqat Farg‘ona ahlining, balki barcha ayolllarimizning, millatning faxridir. Bugun bu zahmatkash ayol yaratgan o‘ziga xos maktab -  mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining bir qismiga aylangan, uning elparvarligi sabab, fermer xo‘jaligida ishlab ahil bir oiladek bo‘lib ketgan qanchadan qancha xonadonlarning qozoni qaynamoqda, – deydi universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov.  

Opa ko‘p yillar davomida traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi sifatida mehnat qilgan va Markaziy Farg‘onaning cho‘l-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirib, fermerlikda o‘ziga xos tajriba va mahorat orttirgan.  

 

M. Sulaymonov, O‘zA