Farg‘ona davlat universiteti 2025 yilgi UI GreenMetric World University Rankings xalqaro reytingi natijalariga ko‘ra dunyoning eng barqaror oliy ta’lim muassasalari qatoridan munosib o‘rin egalladi.
Mazkur reytingda jahonning 105 davlatidagi 1 745 ta universitet ishtirok etgan bo‘lib, universitet umumjahon reytingida 327-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Xalqaro yo‘nalishlar kesimida Farg‘ona davlat universiteti energiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida 36-o‘rinni, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida esa 79-o‘rinni egallab, yuqori natijalar qayd etdi. Bu ko‘rsatkichlar universitetning ekologik barqarorlikni ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish va ilmiy salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Ayni paytda, 2025 yilgi UI GreenMetric reytingiga O‘zbekistondan 79 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, Farg‘ona davlat universiteti respublika oliy ta’lim muassasalari orasida 2-o‘rinni egalladi. Shuningdek, universitet milliy reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha energiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida 1-o‘rinni, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qayd etish joizki, ushbu natijalar Farg‘ona davlat universitetida barqaror rivojlanishga qaratilgan siyosat, iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali chora-tadbirlar, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda “yashil kampus” infratuzilmasini shakllantirish borasida olib borilayotgan izchil ishlar natijasidir. Universitet jamoasining ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilmoqda.
Farg‘ona davlat universitetining bunday yutuqlari mamlakat oliy ta’lim tizimining xalqaro nufuzini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va innovatsion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA