Davlatimiz rahbari Qashqadaryo hamda Buxoro viloyatlariga tashrifi davomida Davlat xizmatlari markazida bo‘lib, davlat xizmatlari haqida mahalla raislari, faollar, yoshlar va qolaversa, keng aholi qatlamlarini to‘liq xabardor qilish va ularni masofadan onlayn xizmatlardan foydalanishni o‘rgatish, pirovardida onlayn foydalanish ko‘lamini ko‘paytirish yuzasidan takliflar berdi.
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatida “Davlat xizmatlari markazi – mahalla – fuqaro” tamoyili asosida xizmatlardan onlayn foydalanishni shakllantirishga qaratilgan amaliy ishlar hayotga tatbiq etilmoqda. Uyma-uy, mahallama-mahalla yurish natijasida esa fuqarolarga sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishlari tashkil etilmoqda.
Mazkur tashabbus bo‘yicha Qo‘qon shahridagi 66 ta mahalla fuqarolari yig‘inlariga sayyor tartibda xizmat ko‘rsatuvchi quyosh panelli avtobus hamda 10 dan ortiq maxsus jihozlangan “Damas” avtomashinalari jalb etildi.
Tezkorlik, samimiylik, odamlarga yaqin bo‘lish va sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatish. bugungi shior ham, ish uslubi ham shunday. Buni markaz xodimlarining fuqarolar kelishini kutib o‘tirmay joylarga chiqib ko‘rsatayotgan sayyor xizmatlar misolida ko‘rish mumkin.
Hududlardagi Davlat xizmatlari markazlaridan ajratilgan xodimlar Qo‘qon shahrining Yog‘ bozori, Qipchoqariq, Temiryo‘lchi, To‘xlimergan, Urganjibog‘ kabi 24 ta mahallada 200 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatdi.
– Hovli-joyimizni kadastrdan o‘tkazishimiz kerak edi, – deydi “Yog‘ bozori” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Xadichaxon Vahobova. – Necha yilki, sarson bo‘ldim shu masalada. Markazga borgani vaqt qayoqda deysiz... Davlat xizmatlari mutaxassislari mahallamizga o‘z ulovi bilan kelib, tashvishimizni yengillashtirishdi. Kerakli maslahatlar berishib kadastr masalasida ijro uchun ariza olishdi. To‘g‘risini aytsam, davlatning biz haqimizda qayg‘urayotganini ko‘rib, bilib, his etyapmiz.
Mazkur mahallada yashovchi ikki yarim mingga yaqin aholining aksariyat qismi savdo faoliyati va tadbirkorlik bilan mashg‘ul. Ha deganda, markazlarga borishga ularning vaqti bo‘lavermaydi. Shu kuni davlat xizmatchilari maxsus avtobusda mahallaning o‘zida fuqarolarga INN, narkologiya dispanserida ro‘yxatda turish yoki turmasligi, sudlanmaganlik haqidagi ma’lumotnomalarni olib berish, kadastr hujjatlarini tayyorlash, kommunal xizmatlar hamda bog‘chalarga farzandni navbatga qo‘yish kabi 50 dan ortiq sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bundan tashqari, sayyor qabul davomida 42 nafar fuqaroga davlat xizmatlari to‘g‘risida huquqiy tushunchalar berildi.
Sayyor xizmatlar davomida aholi o‘rtasida xizmatlarni davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan yagona interaktiv portal orqali elektron tarzda olish targ‘ib qilindi. Mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib to‘lanadigan to‘lovga nisbatan kamroq to‘lash imkoniyati, ya’ni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilganligi tushuntirildi. Bunday qulayliklardan samarali foydalanish esa fuqarolarimizning vaqti ham, mablag‘i ham tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi.
Mobil xizmat ko‘rsatish va targ‘ibot tadbirlari Uchko‘prik tumanining 15 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida davom etdi. Sayyor tadbirlarga hamohang tarzda shu kuni tuman DXMda faol o‘quvchilar uchun ochiq eshiklar kuni va mahorat darslari ham tashkil etildi. Tadbir davomida faol yoshlarga DXMlarda navbatga turish, onlayn tarzda mustaqil ravishda Elektron raqamli imzo kalitlarini olish kabi o‘nlab xizmatlardan foydalanish o‘rgatildi.
Uchko‘prik tumanida tashkillashtirilgan sayyor xizmat davomida mahalliy aholiga Davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ulardan foydalanish tartiblari, yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumotlar, shuningdek, elektron hukumatning afzalliklari, masofadan turib davlat xizmatlarini olish bo‘yicha ham tushunchalar berildi. Mutaxassislar fuqarolarga qiziqarli va foydali bo‘lgan muhim huquqiy ma’lumotlar, xususan, notariat, davlat xizmatlari hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohalariga doir savollariga javob berishdi. “Mahallabay” ishlash davomida “Katta kenagas”, “Paloxon”, “Tepaqo‘rg‘on”, “Istiqbol” mahalla fuqarolari yig‘inida jami 165 nafar fuqaroga mobil xizmatlar ko‘rsatildi. 64 nafar yoshga ilk tadbirkorlik faoliyatini boshlashda huquqiy maslahatlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2020 yil davomida viloyatda aholi va tadbirkorlarga jami 1 millionga yaqin davlat xizmatlari va 40 mingdan ortiq sayyor-mobil xizmatlar ko‘rsatildi. Qo‘qon shahri hamda Uchko‘prik tumanida tashkillashtirilgan bugungidek targ‘ibot va sayyor tadbirlar yil davomida 19 tuman va shaharlarda olib boriladi.
M.Sulaymonov. O‘zA