Farg‘ona tarixdan vodiy markazi sifatida iqtisodiy va siyosiy voqeliklar maydoni bo‘lgan.
U qo‘shni davlatlarning eng yirik, strategik ahamiyatga ega viloyatlari bilan hamkorlikning tashabbuskori sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan ham tan olinmoqda. Aynan shuning uchun 15-16 oktyabr kunlari “Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi” da BMT, EXHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishlarini tasdiqladilar. Umuman, “Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi” mintaqada tinchlikni mustahkamlash, o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish g‘oyalariga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Uning ishida Qirg‘iz Respublikasining Botken, Tojikistonning So‘g‘d viloyatlari rahbarlari, ishbilarmon doira vakillari, jamoat tashkilotlari yetakchilari va ommaviy axborot vositalari muxbirlari ishtirok etadilar.
– “Birinchi Farg‘ona tinchlik forumi” Farg‘ona davlat universiteti muloqot maydonida bo‘lib o‘tishi biz uchun faxr, – deydi universitet rektori, professor Bahodirjon Shermuhammadov. – Xalqaro forum va tadbirlar o‘tkazish tajribamiz bo‘lsada, bunisi alohida tayyorgarlik ko‘rishni taqozo etdi. Hozirgacha barcha zarur tayyorgarlik ishlari ko‘rilgan. Yig‘ilish zallari, yuzma-yuz muloqot, bitimlar imzolash xonalarini barcha talablar darajasida hozirlab qo‘ydik.
Forum doirasida mintaqalarning savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar masalalari ham muhokama qilinadi. Farg‘ona tinchlik forumini kutmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA