2025 yil Farg‘ona vodiysi aholisi hayotida unitilmas tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Mart oyida So‘g‘dda uch qo‘shni davlat rahbarlari uchrashib “Do‘stlik deklaratsiyasi”ni imzoladilar. Davlatlararo chegaralar bo‘yicha kelishuv qabul qilindi. Suvdan foydalanish muammolari yuzasidan yakdillikka erishildi.
Natija uzoq kuttirmadi. O‘zaro savdo aylanmasi 2025 yilning shu davri ko‘rsatkichi 2024 yilnikidan bir yarim barobarga o‘sdi.
Farg‘ona qadim-qadimdan Sharq va G‘arbni tutashtiruvchi mintaqa sifatida siyosat va iqtisodda muhim o‘rin tutgan. Ammo XXI asrning dastlabki o‘n yilligiga kelib davlatlararo chegaralar deyarli yopildi. Ijtimoiy vaziyatdagi barqarorlik yo‘qolib, o‘rnini xavotir egalladi. Holat shu darajaga yetdiki, ikki davlatda yashovchi yaqin qarindoshlar bir-birining to‘y, hatto azasida qatnasha olmadi.
– Farg‘ona vodiysi portlash darajasiga kelgandi, – deydi So‘g‘d viloyati raisi Rajab Ahmadzoda. – Xayriyatki, O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon siyosiy irodasi tufayli hammasiga chek qo‘yildi. Azaliy do‘stlik tiklandi. Hamkorlik shakllandi. Bugunga kelib So‘g‘d viloyatining Farg‘ona vodiysi viloyatlari bilan tovar aylanmasi 400 mln.dollarga ko‘paydi. Biz do‘stlik, hamkorlikni mustahkamlashga tayyormiz. Farg‘ona birinchi tinchlik forumi ana shu g‘oyaga xizmat qilishiga ishonaman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Farg‘ona birinchi tinchlik forumini ochar ekan “biz bugun yangi tarixni yozyapmiz. Farg‘onadagi forum yangi falsafa, mintaqadagi yangi munosabatlar, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik ovozi bo‘lib qoladi” dedi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Farg‘ona birinchi tinchlik forumida uch davlatning vodiydagi viloyatlari yetakchilari, o‘ttizdan ziyod mamlakat siyosatchi, ekspert va ma’murlari, olimlar, eng nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbar va vakillari qatnashmoqda.
[gallery-25746]
– Dunyo davlatlari o‘rtasida katta siyosatda o‘zaro ishonch yo‘qolib borayotgan bir paytda Farg‘onada birinchi tinchlik forumini tashkil etgan O‘zbekiston tinchlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida samarali ishlarni amalga oshiryapti, – deydi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze. – U davlatlararo tortishuv, kelishmovchiliklarni munozaralar orqali hal etmoqchi va bunga erishmoqda ham. Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekistonning bu yo‘lini qo‘llab-quvvatlaydi.
Forum minbaridan davlatlararo munosabatlardagi ayrim muammolar ham aytib o‘tildi. Chegaradagi infratuzilmalarga investitsiya kiritishdan to xalq diplomatiyasini rivojlantirishgacha bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Forum ishida ishtirok etayotgan Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika qit’asi vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari tinchlik g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar.
– Farg‘ona vodiysi, jumladan, Qirg‘iz Respublikasi Botken viloyatining muammolari o‘zaro hamkorlik, bir-birini tinglay olish va ishonish tufayli bartaraf bo‘lmoqda, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Aybek Shamenov. – Bu borada bizga qo‘shni, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar katta yordam ko‘rsatdi. Farg‘ona tinchlik forumi doimiy bo‘lishi tarafdorimiz. Chunki u o‘zaro muloqotning ishonchli maydoni sifatida yuzaga chiqdi.
Farg‘ona birinchi tinchlik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nGLvsn6l0Jo" title="Farg‘ona birinchi tinchlik forumi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA