Fargʻonaning ilm-maʼrifat maskani
Mamlakatimizda oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlgan Fargʻona davlat universiteti 90 yoshga toʻldi.
Mamlakatimizda oʻz oʻrni va nufuziga ega boʻlgan Fargʻona davlat universiteti 90 yoshga toʻldi. Universitet oʻzining deyarli bir asrlik faoliyati davomida Fargʻona vodiysida pedagog kadrlar tayyorlash uchun tashkil etilgan institutdan xalq xoʻjaligining turli sohalari uchun yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlovchi ziyo maskani, nufuzli taʼlim muassasasi darajasigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdi.
Shu kunga qadar bu maskanda mamlakat xalq xoʻjaligining turli sohalari va taʼlim tizimi uchun 95 ming nafar malakali kadrlar tayyorlandi. Universitet bitiruvchilari va professor-oʻqituvchilari orasidan yetuk ilmiy-pedagogik kadrlar bilan birgalikda, davlat va jamiyat qurilishi, ilm, fan, adabiyot, sanʼat, madaniyat, sport va boshqa sohalarning yetuk namoyandalari yetishib chiqqanligi eʼtirofga loyiq. Jumladan, 6 nafar akademik, 5 nafar fan arbobi, 6 nafar Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, 3 nafar Oʻzbekiston xalq shoiri, 6 nafar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi, 3 nafar Oʻzbekiston xalq hofizi, 2 nafar Oʻzbekiston xalq artisti chiqqanligi faxrlanishga arzigulik.
Mamlakatimizda keyingi yillarda oliy taʼlim tizimidagi oʻzgarish va yangilanishlar ilmu maʼrifatga boʻlgan yuksak eʼtiborni koʻrsatib turibdi. Xususan, taʼlim sifatini oshirish, dunyo andozalariga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, moddiy-texnik bazani yana-da mustahkamlash borasida amaliy ishlarga kirishildi.Oʻqituvchilarning har tomonlama jamiyatimizning eng nufuzli insonlari sifatida eʼtirof etilishi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Soʻnggi uch yilda universitetimizda yangi 4 ta fakultet, 13 ta kafedra, 23 ta taʼlim yoʻnalishlari, 11 ta magistratura mutaxassisliklari, 7 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha maxsus sirtqi, 12 ta yoʻnalish boʻyicha sirtqi shaklda kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Dastlab Fargʻona pedagogika institutida ikkita boʻlim va 120 nafar talaba boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda universitetda 12 ta fakultet,m 40 ta kafedra faoliyat koʻrsatib, bakalavriatning 48 ta taʼlim yoʻnalishi va 26 ta magistratura mutaxassisligida 13 ming 607 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga 722 nafar professor-oʻqituvchi, shu jumladan, 30 nafar fan doktori, professorlar, 161 nafar fan nomzodi (PhD), dotsentlar, 531 nafar tajribali oʻqituvchi va assistentlar taʼlim-tarbiya bermoqda.
Oʻtgan davr mobaynida universitet nafaqat taʼlim-tarbiya maskani, balki fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha keng tarmoqli fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot, oʻquv-uslubiy ishlar olib borayotgan yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biriga aylandi. 2016-2020-yillarda 49 ta, shundan, 7 ta fan doktori (DSc) va 42 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilindi. Professor-oʻqituvchilar tomonidan 17 ta darslik, 43 ta oʻquv qoʻllanma vazirlik, 568 ta oʻquv adabiyoti universitet kengashi tavsiyasi bilan nashr etildi. 31 ta mualliflik guvohnomasi olindi hamda 982,6 million soʻmlik amaliy loyihalar, xoʻjalik shartnomasi asosida koʻplab ilmiy-tadqiqot ishlari bajarildi.
Iqtidorli talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga yana-da keng jalb qilish maqsadida “Yoshlar innovatsion markazi”, “Oqbilol ilmiy innovatsion markazi” hamda “Baliqchilik innovatsion markazi” tashkil etildi.
Universitetda oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 2015-yilda 7 ta ixtisoslikda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlangan boʻlsa, bugungi kunga kelib ixtisosliklar soni 26 taga yetkazildi. 7 ta ixtisoslik boʻyicha 4 ta ilmiy darajalar beruvchi Ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu ilmiy kengashlarda 2017-2020-yillarda jami 61 nafar, shundan 2 nafar fan doktori (DSc) va 59 nafar falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari himoya qilindi.
Hozirgi kunda AQSH, Germaniya, Avstriya, Shvetsiya, Portugaliya, Ispaniya, Chexiya, Slovakiya, Yaponiya, Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan turli yoʻnalishlarda 60 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Soʻnggi 3 yilda universitet oʻquv jarayoniga 200 ga yaqin yetuk xorijiy mutaxassislar jalb qilindi. Fargʻona davlat universiteti olimlari esa AQSH, Germaniya, Avstriya, Xitoy, Turkiya va Rossiyaning eng nufuzli universitetlarida maʼruza oʻqidilar. Bir qator yosh olimlarimiz Germaniya va Xitoy universitetlarida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Universitet talabalari tomonidan sport turlari boʻyicha Jahon va Osiyo chempionatlari va xalqaro turnirlarda 19 ta oltin, 21 ta kumush va 32ta bronza medallari qoʻlga kiritildi. Shuningdek, respublika miqyosida oʻtkazilgan chempionat, kubok va turnirlarda talabalardan 301 nafari 1-oʻrin, 354 nafari 2-oʻrin va 210 nafari 3-oʻrinni egalladi.
Davlat investitsiya dasturlari doirasida moddiy-texnik bazani yana-da mustahkamlash, professor-oʻqituvchi va talabalarga yetarli sharoit yaratish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mavjud 6 ta talabalar turar joyi, axborot-resurs markazining oʻquv zali, filologiya, tabiiy fanlar, fizika-matematika fakultetlari binolari mukammal taʼmir va rekonstruksiyadan chiqarilib, zamonaviy mebel jihozlari va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan taʼminlandi.400 oʻrinli 3 qavatli harbiy taʼlim fakultetining yangi oʻquv binosi foydalanishga topshirildi. Fizika va kimyo fanlaridan oʻquv va ilmiy laboratoriyalar toʻliq yangilanib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.424 oʻrinli talabalar oshxonasi mukammal tamirlandi. Zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlangan sport-sogʻlomlashtirish majmuasi foydalanishga topshirildi.
Muxtasar aytganda, oʻtgan davr mobaynida Fargʻona davlat universiteti yuksak salohiyatli ziyo maskani sifatida xalq xoʻjaligining turli sohalariga yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan, fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha keng tarmoqli fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan yetakchi oʻquv yurtlaridan biri sifatida mamlakatimiz ilm-fani, vatanimiz taraqqiyoti va istiqboliga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Ravshanjon Maqsudov,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
professor.