Farg‘onalik asalarichilar yil davomida 30 ming ona asalarini xorijga eksport qilmoqda
Farg‘ona viloyatida asalarichilikni rivojlantirish, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor shifobaxsh, to‘yimli tabiiy ne’mat ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilda viloyatda 1 ming 700 tonnadan ziyod asal yetishtirilmoqda.
Farg‘ona viloyatida asalarichilikni rivojlantirish, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor shifobaxsh, to‘yimli tabiiy ne’mat ishlab chiqarishni kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilda viloyatda 1 ming 700 tonnadan ziyod asal yetishtirilmoqda.Asal – ming dardga shifo, deydilar. Buning isboti buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida berilgan retsept-tavsiyalarning 500 dan ortig‘i aynan asalari zahari va boshqa mahsulotlariga asoslanganida ham ko‘rinib turibdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlash, aholiga sifatli, arzon va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishga xizmat qilayotir. Xususan, asalarichilikni yanada rivojlantirish, sohadagi ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda.
Viloyat asalarichilar uyushmasi tomonidan sohani yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bir vaqtlar 10-15 nafar asalarichidan iborat uyushma bugungi kunda o‘z saflarida 1 ming 200 dan ortiq malakali mutaxassisni birlashtirgan. Ular orasida ish tajribasi yurtimizdagina emas, xorijiy davlatlarda ham qiziqib o‘rganilayotgan va yuksak baholanayotgan arichilar bor. Farg‘ona tumanilik Olimjon, Bobomurod, Tursunmurod Ahmedov, Qo‘qon shahridan Nuriddin Ahmedov, Quvasoy shahridan G‘anijon Yo‘ldoshev, Farg‘ona shahridan Aleksandr Kartunov, Qo‘chqor Karimov, Baxtiyor Parpiyev shular jumlasidandir. Ular oila a’zolari bilan birga 1500-2000 tagacha ona ari parvarish qilib, yuqori mahsulot va istiqbolli nasllar yetishtirmoqda. Bundan ikki yil ilgari viloyat bo‘yicha ming tonnaga yaqin asal yetishtirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1 ming 700 tonnadan oshirish rejalashtirilgan.
– Aholini sifatli asal bilan ta’minlashdan tashqari, xorijdan keltirilgan naslli asalarilarni ko‘paytirish va xorijga sotish, asalari bilan changlatish orqali qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini keskin oshirish maqsad qilingan, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Sherali Suyarqulov. – Bu sohada ilmiy izlanishlarni ko‘paytirish bilan birga, AQSh, Isroil, Rossiya, Ispaniya, Kanada, Shveytsariya singari xorijiy davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlikni mustahkamlash, ular tajribasini o‘rganish va amaliy faoliyatda keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qozog‘iston, Ukraina va Germaniyadan keltirilgan sermahsul ari zotlari viloyatimiz sharoitiga moslashtirilib, yuksak natijalarga erishilmoqda. Viloyat asalarichilari yil davomida 30 ming ona asalarini xorijga eksport qilib, bundan katta daromad olmoqda.
Viloyat asalarichilar uyushmasi samarali ishi va ilmiy izlanishlari bilan yurtimizda chinakam tajriba maktabiga aylangan. Uyushma qoshida tashkil etilgan ishlab chiqarish o‘quv markazida barcha sharoit yaratilgan. Markazda ilmiy-tekshirish laboratoriyasi, trening zallari, ixtisoslashtirilgan kutubxona, elektron arxiv bazasi, shuningdek, asalni qayta ishlash va qadoqlash sexi, tikuvchilik, mum-parda, asbob-uskuna va asalari uyasi ishlab chiqarish sexlari faoliyat yuritmoqda. Yosh asalarichilarga kasb sirlari va uning ilmiy asoslarini o‘rgatadigan maxsus maktab ochilgan.
Prezidentimiz shu yil iyun oyida Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur o‘quv markazida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Asalarichilikni rivojlantirish, soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Ayni kunlarda bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Farg‘ona tumani texnologiya kasb-hunar kollejida asalarichilik sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan yo‘nalish tashkil etilgan bo‘lib, o‘quvchilar o‘quv markazida nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlamoqda. Farg‘onalik mutaxassislar keyingi yillarda Isroil davlatidagi hamkasblari bilan tajriba almashishni yo‘lga qo‘ydi. U yerda ekinlarni changlatish orqali sifatli asal va yuqori hosil olish texnologiyasi juda rivojlangan. Bu tajriba yaxshi o‘rganilib, viloyatda keng joriy etilmoqda. Bu usulning afzalligi shundaki, asalarichi xo‘jaliklar yil davomida 10 milliard so‘mlik asal va asalari mahsulotlari yetishtirsa, paxta, g‘alla va boshqa ekinlarni asalari orqali changlatish yo‘li bilan 120 milliard so‘mgacha foyda olmoqda. Shu bois amalda bu ishlar ko‘lamini ilmiy asosda yanada kengaytirish va samaradorlikni hozirgi zamon talablari darajasiga ko‘tarish imkoniyatlari yaratiladi.