Farg‘onadagi umumta’lim maktablarida kitob aksiyalari tashkil etilmoqda
Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida kitob aksiyalari, kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Farg‘ona viloyatidagi umumta’lim maktablarida kitob aksiyalari, kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.Prezidentimizning joriy yil 13-sentabrdagi "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Farg‘ona tumanidagi 55-umumta’lim maktabida Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, “Farg‘ona kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida kitobxonlar bayrami bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda xalqimiz ma’naviyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish, tafakkurini kengaytirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yoshlarda kitobga mehrni kuchaytirish uchun mavjud kutubxonalarni ijtimoiy-siyosiy, badiiy va bolalar adabiyotlari bilan yanada boyitish, ko‘proq kitobxonlik kechalari tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
– Ta’lim muassasalarida “Men sevgan kitob”, “Eng yaxshi kitobxon maktab”, “Kitobxonlik oiladan boshlanadi”, “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” kabi tadbirlar tashkil etilmoqda, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shohidbek Aslonov. – Mazkur tadbir ham ana shulardan biridir. Bugungi globallashuv davrida yoshlarni turli ma’naviy tahdidlardan asrash, tafakkurini yuksaltirishda kitob mutolaasi muhim ahamiyatga ega. Maktablarda tashkil etilayotgan shoir va yozuvchilarning yangi kitoblari taqdimoti, ko‘rgazmalar barchada qiziqish uyg‘otmoqda. Bugungi tadbirda ham bu yaqqol o‘z ifodasini topdi.
Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etuvchi sahna ko‘rinishlari, so‘nggi yillarda chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.