Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonadagi “Aqlli maktab”larda oʻquvchilar bilimini sunʼiy intellekt baholamoqda
15:08 / 2020-06-06

10 ta maktabdagi 969 nafar oʻqituvchi va 18833 nafar oʻquvchi kiritilgan boʻlib, shundan 135 nafar oʻqituvchi va 2578 nafar oʻquvchi 13-maktabga toʻgʻri keladi.


Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik tashabbusi bilan Fargʻona shahridagi 10 ta maktabda joriy etilgan “Aqlli maktab” dasturiy taʼminoti boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan bevosita tanishish maqsadida Fargʻona shahrining 13-sonli umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurdi.

“Aqlli maktab” dasturi Oʻzbekistondagi mahalliy mutaxassislar tomonidan, jumladan “Mustafo Software” MCHJ bilan Urganch davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali olim va professorlari hamkorlikda ishlab chiqilgan. “Aqlli maktab” dasturi maktablardagi taʼlim sifatining samaradorligi, oʻqituvchilarning baholash tizimini shaffofligi va boshqa bir qancha koʻrsatkichlarni sunʼiy tafakkur yordamida tahlil qilish imkonini beradi.

Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov mamlakatimizda taʼlim sifatini yuqori darajaga koʻtarish, taʼlim tizimiga yuqori axborot texnologiyalari, xususan sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali yuqori bosqichga koʻtarish bugungi kunda eng muhim vazifalardan ekanligini, maktablardagi oʻquvchilarni intellektual va jismoniy rivojlanishini taʼminlash, ularni kelajakda oʻz qobiliyatlaridan toʻliq foydalana olishlariga hamda jamiyatda oʻz oʻrinlarini topishga zamin yaratishini taʼkidladi.

— “Aqlli maktab” dasturi joriy etilgan Fargʻona shahrining 10 ta maktabida oʻzlashtirilishi qiyin boʻlgan mavzular fanlar kesimida aniqlanmoqda, — deydi maktab direktori Erkinoy Gʻaniyeva. — Mazkur tahlillar maktablarda fanlarning toʻliq va sifatli oʻzlashtirilishni taʼminlaydi. Aynan qiyin oʻzlashtirilayotgan mavzular boʻyicha tizimli choralar koʻrilishi, darslarda nofaol boʻlgan va oʻzlashtirishi past oʻquvchilarni individual tarzda aniqlab berishi natijasida har bir oʻquvchi bilan samarali ishlar tashkil qilinyapti. Ota-onalarni farzandining oʻzlashtirishidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida mobil ilovada gistogramma shaklida muntazam ravishda xabardor qilish hamda muntazam dars qoldirayotgan oʻquvchilarni aniqlash va uning sabablarini topishda oʻqituvchi va ota-onalarga maslahatlar bera olish imkoniyatlari mavjud.

“Aqlli maktab” dasturiga Fargʻona shahrida tanlangan

10 ta maktabdagi 969 nafar oʻqituvchi va 18833 nafar oʻquvchi kiritilgan boʻlib, shundan 135 nafar oʻqituvchi va 2578 nafar oʻquvchi 13-maktabga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, Fargʻona shahri Xalq taʼlimining Taʼlim sifati monitoringi va attestatsiya boʻlimi boshligʻi Gʻulomjon Ortiqov “Aqlli maktab” dasturining tahliliy maʼlumotlari asosida taʼlim sifatini nazorat qilish hamda dasturiy taʼminot taʼlim sifatini yana-da oshirish imkoniyatlarini kengaytirishi toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bayon etdi. “Ushbu dastur “maktab — oʻquvchi — ota-ona” uchligini birlashtiradi. Bundan tashqari, onlayn darslar boʻyicha oʻqituvchilar oʻquvchilarni masofadan turib baholashlari hamda dasturning tahliliy maʼlumotlari asosida taʼlim sifatini nazorat qilish imkoniyatlari mavjud”, — dedi u.

Aqlli maktab dasturi maktablarda ish jarayonlarini, jumladan yuritiladigan jurnal va kundalik hujjatlarini elektron shaklda yuritish va onlayn tahlil qilib borish uchun yaratilgan dasturiy taʼminot boʻlib, maktab direktori, direktor oʻrinbosari, oʻqituvchilar va boshqa ishchi xodimlar ishlarini avtomatlashtirish uchun xizmat qiladi. Tizim Sunʼiy tafakkur tizimlarini (Assotsiativ qoidalar asosida izlash, vaqtli qatorlarni bashoratlash) qoʻllagan xolda taʼlim tizimida oʻquvchilarni bilim salohiyatini va jismoniy rivojlanishini onlayn tahlilini amalga oshirib boradi.

Elektron jurnal, elektron kundalik, ota–ona bilan onlayn maʼlumot almashish, imtihonlar jadvali va natijalarini onlayn koʻrib borish imkoni, onlayn dars jadvali oʻquvchilarni darslarga toʻliq qatnashishi va oʻzlashtirish samaradorligini yana-da oshirishga yordam beradi.

Bolani yoshiga qarab jismoniy rivojlanishi va jismoniy tayyorgarliklarini tahlil qilib boradi va bola meʼyorlarga koʻra qila olishi lozim boʻlgan jismoniy mashqlarni va bola salomatligini taʼminlash boʻyicha mashqlarni maslahat tariqasida bera oladi.

Oʻqituvchilarga oʻquvchilarni elektron jurnalda baholab borishi va ota-onalarga elektron kundaliklarni koʻrib borishi uchun yana-da qulaylik yaratish maqsadida “Aqlli maktab” dasturi mobil ilovasi ham muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda “Aqlli maktab” dasturiga onlayn video darslardan va taʼlim tizimiga kerakli elektron maʼlumotlardan foydalanish maqsadida internetda mavjud guruh va kanallarni integratsiya qilish imkoniyati ham yaratilgan.

Bugungi kunda “Aqlli maktab” loyihasini samaradorligini oshirish va undan sifatli foydalanish maqsadida 10 ta maktablarning barcha rahbar va pedagog xodimlari oʻrtasida tushuntirish ishlari doimiy ravishda “Aqlli maktab” telegram guruhi orqali olib borilmoqda.