English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada yana bir tashabbus: 500 million soʻmlik kitobxonlik tanlovi eʼlon qilindi
16:28 / 2020-04-11

Tanlovni tashkil etish boʻyicha viloyat hokimining farmoyishi qabul qilinib, koʻrik-tanlovlarning gʻoliblarini taqdirlash uchun mahalliy byudjet hisobidan 500 million soʻm mablagʻ ajratildi.


Fargʻona viloyatida bugungi karantin davrida oʻquvchi-yoshlar, ularning ota-onalarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, kitobxonlikka qiziqishini kuchaytirish, ona tiliga mehrini oshirish maqsadida 10-apreldan 10-mayga qadar “Kitobxonlik oyligi” oʻtkaziladi. Oylik davomida “Ona tili-millat gʻururi” mavzusida insholar tanlovi hamda “Yosh kitobxon”, “Kitobxon ota”, “Kitobxon ona”, “Mumtoz gʻazallar bilimdoni” koʻrik-tanlovlari tashkil etilmoqda.

Tanlovni tashkil etish boʻyicha viloyat hokimining farmoyishi qabul qilinib, koʻrik-tanlovlarning gʻoliblarini taqdirlash uchun mahalliy byudjet hisobidan 500 million soʻm mablagʻ ajratildi.

Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi nafaqat yurtimizni, balki butun dunyoni ham xavotirga solayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Prezidentimizning qatʼiy pozitsiyasi, xalqparvar siyosati, qabul qilayotgan oqilona farmon va qarorlari pandemiyani jilovlash va uning salbiy taʼsirini yumshatishga kuchli zamin yaratmoqda. Yoshlarning taʼlimdan uzilib qolmasliklari, ularni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan barcha chora-tadbirlar ham olib borilyapti.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, koʻchaga chiqmasdan uyda qolish, boʻsh oʻtirmaslik, ilmiy va badiiy asarlarni mutolaa qilish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishda davom etish yoshlarning asosiy kundalik ishi boʻlishi kerak.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan ana shunday vaziyatda oʻquvchi- yoshlar, ota-onalar uchun onlayn tanlovlarni oʻtkazish belgilandi. Unga koʻra, umumtaʼlim maktablarining 9,10 va 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Ona tili-millat gʻururi” mavzusida insho va sheʼrlar tanlovi boʻlib oʻtadi.

– Karantin davrida yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqtirish muhim ahamiyatga ega, – deydi Ahmad Fargʻoniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shohidbek Aslonov. – Shuning uchun viloyatimizda “Kitobxonlik oyligi” tashkil etilib, oʻquvchi-yoshlar uchun “Kitobxon oʻquvchi”, “Mumtoz gʻazallar bilimdoni”, ularning ota-onalari uchun “Kitobxon ota”, ”Kitobxon ona” koʻrik-tanlovlari oʻtkaziladi. Koʻrik-tanlovlarning nizomi ishlab chiqildi.

Maʼlum boʻlishicha, “Kitobxon oyligi” doirasida tashkil etiladigan koʻrik-tanlovlar kutubxona hamda Yoshlar ittifoqining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali eʼlon qilib boriladi va toʻgʻridan-toʻgʻri savol-javoblar tarzida oʻtkaziladi. Xususan, “Mumtoz gʻazallar bilimdoni” tanlovida oʻquvchilar oʻzlari mustaqil tarzda yod olgan gʻazallarini aytish jarayoni aks etgan videoroliklarni hakamlar hayʼatiga taqdim etadi.

Tanlov gʻoliblari tashkiliy qoʻmitaning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanadi.