English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorlashmoqda
10:02 / 2020-10-22

Fargʻona viloyatida ham oziq-ovqat mahsulotlari narxi asossiz oshib ketishining oldini olish, kuz-qish mavsumiga zaxira tayyorlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrilmoqda.


Shu kunlarda yurtimizda goʻsht, tuxum, shakar, oʻsimlik yogʻi kabi mahsulotlarning qimmatlashishi aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda.

Fargʻona viloyatida ham oziq-ovqat mahsulotlari narxi asossiz oshib ketishining oldini olish, kuz-qish mavsumiga zaxira tayyorlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shahar va tuman kengashlarining sessiyalarida sektor rahbarlari bu borada hisobot berib, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashni oʻz zimmasiga olmoqda. Albatta, soʻz va amal birligi yaxshi. Xoʻsh, bugungi kunda joylarda narx-navo qanday?

Ayrim hududlarda tadbirkorlar tomonidan bir kilogram mol goʻshti 60-65 ming soʻm atrofida sotilayotganligi kuzatildi. Supermarketlarda ham narx-navo turlicha. Bir kilogramm kartoshkaning narxi 3,5-4 ming soʻmgacha, tuxumning bir donasi 1200 soʻm.

Fargʻona shahar markaziy “Dehqon bozori”da boʻlib, bu yerdagi narx-navo bilan qiziqdik. Mol goʻshti-55 ming soʻm, qoʻy goʻshti-60 ming soʻm, tuxumning donasi 900-1000 soʻm, shakar 5 ming 850 soʻm. Shahar hokimligi va prokuratura organlari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlash boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu yerda fermer xoʻjaliklari, tadbirkorlar tomonidan yarmarka tashkil etilib, arzon narxlarda mahsulotlar sotuvi yoʻlga qoʻyildi. Masalan, Fargʻona tumanidagi “Shohimardon obod mastona chashmalari” fermer xoʻjaligi mol va qoʻy goʻshtini 46 ming soʻmdan sotayotgani aholiga maʼqul boʻlyapti.

photo_2020-10-22_10-16-13.jpg

photo_2020-10-22_10-16-14.jpg

– Uch-toʻrt kun ichida oziq-ovqat mahsulotlarining narxida pasayish kuzatildi, – deydi Fargʻona shahar hokimining iqtisod-moliya va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sherzodjon Yoʻldoshev. – Bu koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samarasidir. Bozor hududida maxsus yarmarka tashkil qilinib, arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari sotilmoqda. Tadbirkorlarimiz ham bizga bu borada yaqindan koʻmak beryapti. Bir tadbirkor Belarussiyadan goʻsht olib kelish harakatini boshladi. U arzon narxda ijtimoiy sohalarga yetkazib beriladi. Parranda goʻshti boʻyicha ehtiyojni qoplash choralarini koʻryapmiz. Hozirgi kunda shaharda 7 ming tonnadan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish ishlariga kirishildi.

Bugun parranda va baliq mahsulotlariga talab katta. Eʼtiborli jihati, bozorda bir kilogram baliq 9-10 ming soʻm, 1 kilo parranda goʻshti 18-20 ming soʻmdan xaridorlarga taklif etilyapti. 5 litr oʻsimlik yogʻi 60 ming soʻm.

Kartoshka narxini barqaror saqlab turish maqsadida Soʻx tumani va qoʻshni Qirgʻizistondan qoʻshimcha mahsulot olib kelinib, arzon narxda sotuvi yoʻlga qoʻyildi.