Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada karantin davrida 15 sutka “oʻtiradiganlar” koʻpaydi
19:19 / 2020-04-10

“Qilmishimdan pushaymondaman, bilmasdan shu ishni qilib qoʻydim”.


“Qilmishimdan pushaymondaman, bilmasdan shu ishni qilib qoʻydim”. Bu javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning odatdagi soʻzlari. Bir inson adashibdida deymiz...Ammo nima uchun bugungi karantin davrida ham ayrim fuqarolar belgilangan qoidalarga amal qilmasdan huquqbuzarliklarni sodir etyapti? Ular qonun-qoidalarni mensimayaptimi yoki bilib-bilmay qilyaptimi?

Fargʻona viloyatida karantin tadbirlari eʼlon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar 5 ming 430 ta qoidabuzarlik aniqlangan.

– Xususan, maʼmuriy sudlar tomonidan 3-apreldan 9-aprel kuniga qadar karantin qoidalarini buzib, huquqbuzarlik sodir qilgan 61 nafar shaxsga nisbatan 45 ta maʼmuriy ish hujjatlari koʻrib chiqildi, – deydi viloyat maʼmuriy sudining sudyasi Ulugʻbek Ahmedov. – Sudlar tomonidan 52 shaxsga nisbatan maʼmuriy qamoq, 9 shaxsga nisbatan jarima jazolari tayinlangan.

Fargʻona shahrida yashovchi G.Yakubov belgilangan karantin qoidalarini buzib, niqobsiz, mast holda biron-bir arzirli sababsiz baqir-chaqir koʻtardi. Bu ham yetmaganidek, karantin davrida tegishli tartibda uyida oʻtirgan oila aʼzolarini tunda koʻchaga haydamoqchi boʻlgan. Voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektorini gapiga quloq solmay, uni uyatli soʻzlar bilan haqorat qildi.

Fargʻona shahar maʼmuriy sudi tomonidan bu huquqbuzarga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlanib, undan qamoqda saqlash bilan bogʻliq xarajatlar undirildi.

Margʻilon shahrilik B.Tillaboyev ham oʻzining boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinasida “Chorchinor” mahalla fuqarolar yigʻini Samo koʻchasi nazorat posti orqali toʻsilganligini koʻrsa-da ushbu toʻsiqdan qonunga xilof ravishda oʻtmoqchi boʻldi. Bu yerda nazorat olib borayotgan mahalla faolini soʻkib, toʻsiqni ochishni talab qilgan. Fuqarolarni osoyishtaligini buzib, bezorilik qilgan bu fuqaro Margʻilon shahar maʼmuriy sudining qaroriga koʻra 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosini oldi.

Yana bir huquqbuzar Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi O. Qurbonov profilaktika inspektori tomonidan tartibbuzarligi sababli bir necha bor ogohlantirilgan. Ammo bunday xulosa qilmagan koʻrinadi. U spirtli ichimlik ichib, koʻchaga chiqqanida niqob taqishni “unutdi”. Bu ham yetmaganidek, koʻp qavatli uyda baqir-chaqir qilib, janjal qildi. Hatto profilaktika inspektorini haqorat qilib, qonuniy talablariga boʻysunmadi. Soʻx tuman maʼmuriy sudi bu ish materiallarini koʻrib chiqib, unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosini qoʻllab, jarima undirish ham belgilandi.

Bugungi kunda joylarda karantin qoidalariga amal qilish borasida koʻplab targʻibotlar qilinyapti. Uydan qolishlik muhim ekanligi uzluksiz taʼkidlanmoqda. Shunday boʻlsa-da, ayrim fuqarolar buni eshitmaganga olib, qoidalarni qoʻpol tarzda buzayotganligini qanday izohlash mumkin?

Joriy yil 9-aprel kuni soat 15:30 larda huquqbuzar S.Ortiqov spirtli ichimlik isteʼmol qilgani holda Quvasoy shahar “H.Olimjon” mahalla fuqarolar yigʻini A.Navoiy koʻchasi hududida joylashgan koʻp qavatli uylar oldida niqobsiz yurganligi aniqlangan. IIB profilaktika inspektori oʻzini tanishtirib, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini taqdim qilish va IIB binosiga borish haqida aytganida qonuniy talablariga boʻysunmasdan, unga qarshilik koʻrsatgan.

Quvasoy shahar maʼmuriy sudi tomonidan huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida 1 million 115 ming soʻm jarima jazosi tayinlandi.