Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻonada 20 ming oilaga moddiy yordam tarqatilmoqda
14:20 / 2020-07-30

“Temir daftar”ga kiritilgan mazkur oilada 5 nafar kishi istiqomat qiladi.


Fargʻona shahar “Yangiyoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Dilfuzaxon Mahmudova uchun shahar hokimining xonadoniga kirib kelishi kutilmagan holat boʻldi. Toʻgʻri, bayramlarda, turli sanalarda oilasidan xabar olinib, yordam berilardi. Karantin davridagi bu galgisi boshqacha boʻldi. Qurbon hayiti bayrami arafasidagi bu galgi yoʻqlovdan boshi osmonga yetdi.

Shahar hokimi Hamidjon Habibiddinov opa va uning oila-aʼzolaridan hol-ahvol soʻrab, unga davlatimiz tomonidan ajratilgan bir million soʻm miqdorida pul va oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.

“Temir daftar”ga kiritilgan mazkur oilada 5 nafar kishi istiqomat qiladi. Oila boshligʻi Baxtiyorjon aka salomatligi yomonlashgani uchun hozirda ishsiz. Katta farzandi Nigoraxon esa birinchi guruh nogironi. Dilfuza opa bir necha yillardan buyon shu farzandiga qarab kelmoqda.

– Prezidentimizga ming rahmat, – deydi D. Mahmudova. – Doimo bizdek oilalarga qoʻldan kelgancha yordam berishyapti. Kecha viloyat hokimligi vakillari dori-darmonlar jamlanmasini olib keldi. Bugungi mana bu koʻmak ham bizni juda xursand qildi.

Ogʻir kunlarda insonga dalda boʻlish, ozgina eʼtibor koʻrsatishdan ezgu amal yoʻq aslida. Qurbon hayiti kunlarida mamlakatimizdagi ehtiyojmand oilalarga koʻrsatilayotgan eʼtibor barchani mamnun etmoqda.

Hukumatimizning farmoyishi asosida “Saxovat va koʻmak” fondi orqali ajratilgan mablagʻ Fargʻona viloyatidagi ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalarga yetkazilyapti. Shahar va tumanlardagi sektor rahbarlari moddiy yordamni tarqatishda bosh-qosh boʻlayotir.

Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan ham ehtiyojmand oilalarga oziq–ovqat mahsulotlari va naqd pul berilyapti. Ana shunday yordam shahar va tumanlardagi 20 ming oilaga kirib boradi.

Viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev bugun Yozyovon, Qoʻshtepa tumani va Fargʻona shahridagi bir qator ehtiyojmand oilalarning xonadonida boʻlib, ularni Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Mazkur oilalarga moddiy yordam va roʻzgʻor uchun kerakli mahsulotlar topshirildi.