Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Fargʻona xalqaro aeroportidan yuklar eksportga joʻnatilmoqda
12:37 / 2020-06-02

Fargʻona xalqaro aeroportidan 17 yillik tanaffusdan soʻng yuklarni xorijiy davlatlarga toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatish imkoniyati qayta tiklandi.


Fargʻona xalqaro aeroportidan 17 yillik tanaffusdan soʻng yuklarni xorijiy davlatlarga toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatish imkoniyati qayta tiklandi.

Mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarga bugungi kunda xorijda talab katta. Pandemiya davrida tadbirkorlar va eksportyorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga amaliy koʻmak berish maqsadida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Transport vazirligida tashkil etilgan eksportga koʻmaklashish shtabi tomonidan tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan oʻrganilib, mavjud muammolar joyida hal etilishi natijasida xorijiy xaridorlarga sifatli mahsulotlarni oʻz vaqtida yetkazib berish taʼminlanmoqda.

Fargʻona viloyatidan xorijga hoʻl mevalar eksporti bilan shugʻullanayotgan RTL logistics, UZ-Segong, XinFergana korxonalarining murojaatlari Transport vazirligining aeroportlarni rivojlantirish va yer usti taʼminoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi.

Mazkur eksportyor korxonalar vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda hoʻl mevalarni Fargʻona viloyatidan Qamchiq dovoni orqali Toshkent xalqaro aeroportiga yuk mashinalarida yetkazib borish jarayonidagi qiyinchiliklar masalasi koʻtarildi. Bunday jarayonda transport xarajatlarining ortib ketishi, eksportga yuborilayotgan mahsulotlar narxining koʻtarilishiga sabab boʻlayotgani tufayli ushbu hududning oʻzidan yuk aviaqatnovlarini tashkil etish masalasi oʻrganib chiqildi.

Transport vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, UZ-Segong va XinFergana korxonalari tomonidan eksport uchun tayyorlanayotgan 50 tonna gilos mahsuloti 1-iyun kuni Fargʻona xalqaro aeroportidan Koreyaning Seul xalqaro aeroportiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berildi.

Mazkur jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Namangan xalqaro aeroportidan havo kemasi sahniga yuklarni ortish uchun ishlatiladigan maxsus texnika vositalari (Triple) hamda Toshkent xalqaro aeroportidan esa maxsus yevropaddonlar Fargʻona xalqaro aeroportiga olib kelindi. Havo kemasi yetib kelguniga qadar esa aeroportning yuk tashuvlari boʻlimi xodimlariga maxsus texnikadan foydalanish va yuk tashish havo kemasiga yuklarni ortish mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Barcha tashkiliy masalalar natijasida eksportyor korxonalarning 50 tonna gilos mahsulotini Seul shahriga yuborish amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Bugungi kunda vodiylik eksport bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish hamda ularning viloyatlararo yuk tashish borasida yuzaga kelayotgan muammolarini bartaraf etish va xorijga toʻgʻridan-toʻgʻri Fargʻona xalqaro aeroportidan yuklarni yuborish imkoni yaratildi.