Fargʻona viloyatida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga 50 million dollar yoʻnaltiriladi
Ayni kunlarda Quva tumanidagi “Moʻminjon Ashurov” nomli fermer xoʻjaligida ekinlarni tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ishga tushirildi.
Prezident tashrifidan soʻng
Davlatimiz rahbari joriy yil 5-6-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida hududlardagi suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimi yuzasidan aniq taklif, tavsiyalar bergan edi. Mazkur topshiriqlar boʻyicha ishlab chiqilgan dasturlarni amalga oshirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, suvdan oqilona foydalanish, bu borada tejamkor texnologiyalar, ilgʻor ish tajribalarni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash uchun 50 million AQSH dollar mablagʻ ajratildi. Viloyatda irrigatsiya tizimidagi yoʻqotishlarni kamaytirish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga suvdan samarali foydalanish darajasini oshirishga muhim eʼtibor qaratilyapti.
Ayni kunlarda Quva tumanidagi “Moʻminjon Ashurov” nomli fermer xoʻjaligida ekinlarni tomchilatib sugʻorish texnologiyasi ishga tushirildi. Xoʻjalikdagi 50 gektar maydon ana shunday zamonaviy qurilmalar yordamida masofadan turib sugʻorilyapti. Eʼtiborli jihati, yangi usulda ish olib borish, suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolar yechimida qoʻl keldi. Qolaversa, ekinlar rivoji, hosildorlik miqdorini oshirish imkoniyatini berdi.
– Sugʻorishning bu usuli har jihatdan foydali, – deydi fermer Karimjon Ashurov. – Masalan, 50 gektar ekin maydonidagi ekinlarni sugʻorish uchun bir kecha-kunduz kifoya. Shuncha maydon oddiy usulda sugʻorilsa, oʻn kundan ortiq vaqt, suv kerak boʻladi. Qolaversa, ekinlarni oziqlantirish, zararli hashoratlarga qarshi kurashish ham aniq hisob-kitob asosida olib boriladi. Bu borada shu yoʻnalishdagi Turkiya korxonasi bilan hamkorlik qilyapmiz. Mazkur maqsadlar uchun 200 ming dollar miqdorida investitsiya kiritildi. Ayni kunda yana 40 gektardan ortiq ekin maydonlarida sugʻorishning ana shu samarali usulini joriy etish ustida ish olib borilyapti. Sarf qilingan harajatlarning bir qismi subsidiya tarzida toʻlab beriladi, bundan tashqari besh yil muddatga yer va suv soliqlaridan ozod qilinganimiz. Bu juda katta imkoniyat.
Istiqbolli loyiha yillar davomida suvsizlikdan qurib-qaqshab yotgan dasht yerlarga yangi hayot nafasini olib kirdi. Shu kunga qadar faqat tosh-shagʻaldan iborat boʻlgan 50 gektar maydon bugun bogʻu- boʻstonga aylanmoqda. Bu yerda yangi gilos bogʻlari tashkil etiladi. Shu maqsadda 45 ming tup yovvoyi “Cheremuxa” gilos koʻchatlari ekildi. Bu navlar tabiiy iqlim va yer sharoitiga tez moslashib ildiz olish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bogʻbonlar eʼtirofiga koʻra, tup olib yaxshi rivojlangan koʻchatlarga erta bahorda serhosil gilos navlari payvandlanadi. Bundan tashqari, hududdagi yana 30 gektar yer tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida oʻzlashtiriladi. Bu boradagi ishlarni tizimli olib borish uchun maqsadida ikkita suv quduqlari qazildi, umumiy hajmi 400 ming kub suv sigʻimiga ega boʻlgan havza qurildi. Barcha ishlar ana shu havza va unga monand oʻrnatilgan raqamli texnologiyalar yordamida aniq-hisob kitob asosida olib borilmoqda.
Suv muammosi yildan-yilga dolzarb boʻlib borayotgan bugungi pallada hayotga joriy qilinayotgan amaliy islohotlar nafaqat suv miqdorini tejash, balki ekin maydonlari strukturasini yaxshilash, hosildorlik salmogʻini oshirish orqali iqtisodiy samaradorlikka olib keluvchi jihatlari bilan ham ajralib turadi. Jumladan, tejamkor texnologiyalardan foydalanib, sugʻorish ishlarini olib borish, suv miqdorini 40, elektr sarfini 30 foizgacha tejash imkoniyatini beradi.
– Prezidentimiz bergan koʻrsatmalarga asoslanib viloyat qishloq xoʻjaligining turli tarmoqlaridagi 6200 gektar maydonlarni suv tejovchi texnologiyalar yordamida sugʻorish yoʻlga qoʻyildi, – deydi Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining mutaxassisi Erkinjon Parmonov. – Bu avvalo suv resurslari, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi moylash mahsulotlarini iqtisod qilish bilan birga paxta, gʻalla, sabzavot va mevali bogʻlar hosildorligini 15-20 foizga oshirdi. Eʼtiborlisi, samarali va tejamkor usulda ish olib borish istagida boʻlgan fermer xoʻjaliklari tobora koʻpayib bormoqda. Ularning taklif va talablarini inobatga olib, 2021-yilda jami 30 ming 200 gektar ekin maydonlarida suvni tejovchi texnologiya ishga tushiriladi.
Viloyatda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, bu borada aholi, dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar suv tanqisligi muammosini hal etish hamda undan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish bilan ham ahamiyatlidir.