“Farg‘ona kelajagi uchun yangi g‘oyalar” forumi
O‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan Farg‘ona farzandi sifatida siz aziz tengdoshlarimga o‘z fikr va mulohazalarim yuzasidan murojaat qilmoqchiman.
O‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan Farg‘ona farzandi sifatida siz aziz tengdoshlarimga o‘z fikr va mulohazalarim yuzasidan murojaat qilmoqchiman.
Inson hayotida hurlikka va erkinlikka to‘lgan lahzalar unga betakror yashash zavqi, unutilmas xotiralar quvonchi va eng asosiysi, kelajakka yorug‘ maqsadlar bilan boqish imkonini beradi. Bu yil jonajon diyorimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramini nishonlamoqdamiz. Ona Vatan bag‘rida unib-o‘sib kelayotgan barcha yosh avlod qalbida bugun o‘zgacha hislar jo‘sh urayotgani sir emas.
Tinchlik, osoyishtalik, bunyodkorlik, g‘alabalar, e’tirof... bu so‘zlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Bularning barchasi mustaqillik bizga bergan ulug‘ ne’matlardir.
Buyuk va bebaho ne’mat – mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar o‘tishi bilan tobora ortib bormoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi tamoyili asosida muhim bir tarixiy jarayonni boshdan o‘tkazmoqdamiz.
Mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Yoshlar muammolari bilan qiziqish, ularni o‘rganish va yechim topish eng dolzarb vazifalarimizdan biri, desak adashmaymiz. Shu nuqtai nazardan, yoshlar masalasi hayot-mamot masalasiga aylandi. Yoshlar ittifoqi oldiga qo‘yilgan yuksak maqsad va rejalar, ulkan vazifalarni bajarishda hech birimizning yuzaki yondashishga, oddiy kundalik ish sifatida qarashga haqqimiz yo‘qligini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Chuqur tahlillar yoshlarni komil inson bo‘lib voyaga yetishlarida hali ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusi oldimizda turgan muammolarga aniq va samarali yechim bo‘la oladi.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faqatgina davlat emas, biz yoshlar ham islohotlarga munosib hissamizni qo‘shishimiz zarur.
Bugun aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish borasida zarur shart-sharoitlar yaratilayotganligiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Ish faoliyatim davomida ushbu jarayonlarga daxldor inson sifatida “Iste’molchi kutubxonalari”ni qurish loyihasini ishlab chiqdim. Bugun men faoliyat olib borayotgan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan respublikamizning barcha viloyatlarida 50 dan ortiq “Iste’molchi kutubxonalari” qurilmoqda.
Jumladan, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yoshlar uchun bepul, barcha imkoniyatlarga ega kutubxona o‘z faoliyatini boshladi. Bugungi kunda Rishton, Bag‘dod, Farg‘ona, Dang‘ara tumanlari hamda Farg‘ona shahrida ana shunday mo‘jaz kutubxonalarning qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
Ushbu tashabbusimning keng jamoatchilik, mehnat jamoam va ustozlarning qo‘llab-quvvatlaganligi meni behad quvontirdi. Zero, ular yoshlar kelajagiga be’etibor emaslar.
Siz-u bizning kichik tashabbusimiz ham o‘z o‘rnida katta imkoniyatlar yaratishi, millionlab yoshlarga naf keltirishi, g‘oyalarimiz tarixda qolishi mumkinligini unutmaylik!
Qadrli farg‘onalik tengdoshlar, ukalarim, singillarim!
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning Farg‘ona viloyatiga amalga oshirgan tashriflari davomida yoshlar bilan ishlash masalasi har doim diqqat-e’tibor markazida bo‘lishini qayd etib, bu borada “Farg‘ona tajribasi”ni yaratish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdilar.
Yangi g‘oya va tashabbuslarni amalga oshirish uchun bugun Farg‘ona viloyatida barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Yurtboshimizga qanot bo‘la oladigan, ilm, fan, madaniyat, axborot texnologiyalari va sport sohalarida katta yutuqlarga erishayotgan minglab farg‘onalik yoshlar bor.
Viloyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yoshlarning o‘z tashabbus va g‘oyalarini amalga oshirishlariga ko‘maklashish maqsadida, mamlakatimiz va dunyoning nufuzli tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan va xorijda bilim olib, tajriba orttirayotgan farg‘onalik yosh mutaxassislar ishtirokida “Farg‘ona kelajagi uchun yangi g‘oyalar” forumini tashkil etishni taklif etaman.
Forumda “IT texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash”, “Turizm sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash”, “Biznes startaplarni amaliyotga joriy qilish”, “Qishloq xo‘jaligiga innovatsion yondashuv”, “Yosh malakali kadrlarni mehnat bozorida reklama qilish”, “Yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish” kabi mavzularda o‘z taklif va g‘oyalarimiz yuzasidan fikr almashaylik.
Bilimimiz, fidoyiligimiz, mehnatimiz bilan Farg‘onaga munosib bo‘laylik!
Ahmadali Hakimov