Farang rasadxonasida Beruniy xotirasi abadiylashtiriladi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Fransiya munosabatida barcha sohalar bo‘yicha faol, ochiq va ishonchli muloqot kuzatilmoqda. Yevropaning ushbu qudratli davlati respublikamizning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi muhim hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli yo‘nalishlarda aloqa faollashmoqda.
O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev Parijdan 35 km sharqda, Sena va Marnaning o‘rmonzor Bri mintaqasi markazi Grets-Armenvileda joylashgan Il-de-Franc uranoskopi, astronomik rasadxonasi rahbari Kristian Bordel bilan uchrashdi.

– Biz astronom olimlar o‘zaro tashrif almashinuvini tashkil etish, mazkur rasadxonada buyuk astronom, faylasuf va matematik, vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy xotirasiga yodgorlik o‘rnatish va keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildik, – dedi elchimiz muloqot natijasi xususida.
Muharrama Pirmatova, O‘zA