English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faqat pul tarqatish bilan hal bo‘lmaydigan muammo yoxud kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanmoqda
10:12 / 2024-09-24

Prezident tashabbuslari – amalda

O‘rtahol oilada uch o‘g‘il, bir qiz ulg‘aydi. Ota-ona bolalarini teng ko‘rdi. Biriga nimani ravo ko‘rsa boshqalariga ham o‘shani olib berdi. Mehrini baravar ulashdi. Bugun to‘rt bolaning o‘z ro‘zg‘ori bor, to‘rtalasining yashash tarzi turlicha.

Kenja farzand oliy dargohlarning ostonasini xatlamadi, qiz bolaga o‘qish nima kerak deyishdi. Lekin u hunar o‘rgandi, qishloqning eng yaxshi tikuvchisi bo‘ldi. Keyinchalik katta bir korxonaga asos soldi. Hududda nom chiqardi. Biri chet tili, biri iqtisod va yana boshqasi tekstil yo‘nalishida o‘qigan akalarini yoniga oldi. O‘zi yashayotgan mahalladagi yuzlab ishsiz xotin-qizlarni band qildi. Doimiy daromadga ega qilib, ko‘pchiligini kambag‘allikdan olib chiqdi.  

Oilaviy tadbirkorlik sub’ekti sabab jigarlarning xonadonlariga ham baraka kirdi. Uy-joyli, mashinali bo‘ldi. Lekin to‘ng‘ichning ro‘zg‘orida ish yurishmayotgandek. Hamisha nimadir kam. Aslida, so‘zimiz boshida ta’kidlaganimizdek, bu bolalar o‘rtasida ota-ona e’tibori teng taqsimlanmagan edi.

Katta farzand ukalariga nisbatan erkaroq, istaklari yerda qolmay ulg‘aydi. Hayotning tashvishlari yelkasiga tushganida esa yana atrofdan ko‘mak kutdi. Uning yashashi yomon emas, lekin atrofdagilarga o‘zini ko‘p solishtiradi. Masalan, Damasini quvib o‘tgan elektromobilning ortidan jahl qilib qoladi. Kambag‘allik qursin, bu aravadan qachon qutilaman, deb rul chambaragini urib qo‘yadi.

Bu bir hayotiy manzara, lekin kimlardir mana shunday holatni kambag‘allik deb ataydi. Kim uchundir esa bolalariga go‘shtli-go‘shtli ovqat qilib bera olmaslik, yana boshqa birovga bir burda non topishga qiynalish kambag‘allik sanaladi. Shundan ham bu tushunchaga yagona ta’rif berish murakkab.

Qaysi bir mamlakat rivojlanish yo‘lidan borar ekan, yurtda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini ko‘radi. Bu bosqichidan o‘tish, bunday qatlam mavjudligini tan olish hammasidan muhim sanaladi.

To‘rt yil avval O‘zbekiston ham aholining muayyan qismi kambag‘al ekanini qayd etib, ularga ko‘maklashishga kirishildi. Bu shunchaki gap bo‘lmadi. Natijada kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amaliy harakat, moliyaviy yechim, tashkiliy choralar uyg‘unlashtirildi. Bugun tizim samarali ishlamoqda. Natijada o‘tgan qisqa davrda ko‘p yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan uch million nafardan ziyod odamlarning imkoniyatlari yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushgani katta natija bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 11 sentyabrda “Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Mazkur hujjat mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya sohasida qonunchilik ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

– Prezidentning ushbu farmoni yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bo‘lim prokurori Asatilla Fatxullayev. – Bu o‘rinda farmon bilan mazkur sohada qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritilganini ta’kidlash joiz. Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida esa yettita shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etiladi. Bu chora-tadbirlar esa aholining ehtiyojmand qatlamlari, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni manzilli ijtimoiy himoya qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida qonunchilik ustidan nazorat bo‘linmalari tashkil etilmoqda.

Yangi kiritilayotgan Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasiga qator vazifalar yuklatiladi. Xususan, har haftada kamida bitta tuman(shahar)ga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganadi. Kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlaydi.

Darhaqiqat, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ishlamoqda. Ular samarali bo‘lishi uchun tegishli hujjatlar va Prezident topshiriqlari ijrosi o‘z vaqtida amalga oshirilishi muhim. Shundagina mo‘ljal – kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini hozirgi 11 foizdan 7 foizga qisqartirishga erishiladi.

Bu bo‘yicha hududlarga mos – Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari amaliyotda yechim sifatida qo‘llanilmoqda. Natija besamar emas, joriy yilning o‘tgan davrida to‘rt-besh mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashdi. Qanchadan-qancha aholi rasmiy band bo‘ldi.

– Kambag‘allikni qisqartirish masalasi Prezidentimizning doimiy e’tiborida, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev. – Xususan, 11 sentyabr kuni ham kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdilar. Yig‘ilishda bu yo‘nalishni umummilliy harakatga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kambag‘allikni qisqartirishda oilalar bilan ishlash, ularni ro‘yxatga olib manzilli shug‘ullanish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi. Xabaringiz bor, 2021 yil hokim yordamchilari instituti joriy etilgan edi. Ular mahallalarda aholini tadbirkorlikka jalb qilib kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ishladi. Bu dastlabki bosqich edi. Endigi bosqichda esa manzilli ishlash bo‘yicha topshiriqlar olindi.

Bir qarashda kambag‘al insonga moddiy ko‘mak berilsa, barcha muammolar osongina hal bo‘ladiganday tuyuladi. Aslida-chi?!

Xalqimizda “Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi”, degan gap bor. Ota-bobolarimiz bu bilan odamlarni mehnat qilishga, hamisha izlanishda bo‘lishga chorlagan. Mamlakatimizda bu boradagi islohotlar esa milliy qadriyatlarimizga hamohang.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kambag‘allikni faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun kambag‘al oila a’zolarini o‘qitish, kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash muhim. Shuningdek, boshlangan har bir muhim loyiha izchil amalga oshirilishi kerak.  

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA