Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faqat o‘zini o‘ylagan tabiiy gaz o‘g‘rilari
14:44 / 2023-01-24

Jizzax viloyatining bir qator hududlarida tabiiy gazdan foydalanishda qonunga amal qilish holati bo‘yicha reyd o‘tkazildi.

Sovuq ob-havoda ayrim yurtdoshlarimiz va “tadbirkorlar”ning tabiiy gazdan foydalanishdagi noqonuniy xatti-harakatlari aholi xonadonlariga tabiiy gazni bir me’yorda yetib bormasligiga sabab bo‘layotir. Bu esa gaz ta’minoti xodimlariga nisbatan norozilik kayfiyatini keltirib chiqarmoqda.  

“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri faqat o‘zini o‘ylayotganlarning sirini fosh etdi. Nazorat guruhi tomonidan Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi choyxona, umumiy ovqatlanish joylari, maishiy xizmat ob’ektlari va aholi xonadonlari ko‘zdan kechirilganida, fuqarolarning tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.  

– Mahallada o‘nga yaqin xonadonda tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanilayotgani aniqlanib, zudlik bilan bartaraf etildi, tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, qonun doirasida choralar ko‘rilmoqda, – deydi “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Muzaffar Salimov. – Gaz so‘rg‘ichlarni noqonuniy o‘rnatish oqibatida keksa ota-onasi, yosh bolasi bo‘lgan yon qo‘shnisi sovuqda qiynalib o‘tirganlar bor.

Shuningdek, Zarbdor tumanida joylashgan “Z.p” korxonasiga qarashli parrandachilik binosi ish boshqaruvchi fuqaro B.D. tomonidan hech qanday shartnoma va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan yuqori bosimli gaz tarmog‘iga ulanib, noqonuniy ravishda foydalanib kelingan. 376 ming 900 kub metr tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanilgani oqibatida davlat manfaatlariga 248 million 800 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.

– O‘g‘rilangan 376 ming 900 kub metr tabiiy gaz – bir kecha-kunduzda 16 mingta iste’molchi xonadonini tabiiy gaz bilan o‘rtacha darajadagi bosimda ta’minlashi mumkin edi, – deydi gaz ta’minoti filiali yetakchi muhandisi Muzaffar Salimov. – O‘g‘rilik sababli ko‘plab iste’molchilarga tabiiy gaz me’yor darajasida yetib bormay, aholi sovuqdan aziyat chekmoqda.

Nazorat tadbirlarida ma’lum bo‘lishicha, gaz bosimining o‘ta yuqorilab ketganligi sababli noxush holatlar ham yuz bergan.

 

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA