Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faqat koronavirus testidan oʻtganlar poyezdga chiqariladi
19:20 / 2020-05-15

18-maydan Toshkent shahridan viloyatlarga temir yoʻl qatnovi qayta yoʻlga qoʻyiladi, yoʻlovchilar nimalarga eʼtibor berishi lozim?


18-maydan Toshkent shahridan viloyatlarga temir yoʻl qatnovi qayta yoʻlga qoʻyiladi, yoʻlovchilar nimalarga eʼtibor berishi lozim?

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil 13-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda “yashil” va “sariq” hududlarda sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilgan holda xizmat koʻrsatish turlariga bosqichma-bosqich ruxsat berish mumkinligi belgilandi.

Shunga muvofiq, 2020-yil 18-may kunidan boshlab, Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Fargʻona vodiysiga temir yoʻl qatnovi (borish va qaytish) qayta yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga temir yoʻl qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish, shu jumladan, yoʻlovchilar sonini kamaytirish, dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari soʻzsiz bajarilishi talab etiladi.

Ushbu vaqtinchalik tartibga barcha toʻliq rioya qilishi shart.

Poyezdlarga chiqishda yoʻlovchilar sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan koʻp boʻlmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi maʼlumotnomaga ega boʻlishlari kerak. Temir yoʻl vokzallari hududiga kirishda barcha yoʻlovchilar bir martalik himoya niqoblari va qoʻlqoplarda boʻlishlari, vokzallarda ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yoʻnaltiruvchi maxsus tasmalar boʻylab harakatlanishlari shart.

Yoʻlovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi. Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi. Elektron chipta olish imkoniyati boʻlmagan yoʻlovchilar, oʻrnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan soʻng, temir yoʻl vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin boʻladi. Chipta olgan yoʻlovchilar tomonidan yoʻlovchilar soʻrovnomasi (marshrut varagʻi) toʻldiriladi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yoʻnalishlarda temir yoʻl qatnovlarini yoʻlga qoʻyishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Mazkur vaqtinchalik tartib talablari bilan “Oʻzbekiston temir yoʻlari” AJning rasmiy veb sayti orqali toʻliq tanishib olishingiz mumkin.

Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Toshkent – Andijon yoʻnalishida qatnovi yoʻlga qoʻyiladigan poyezdlar harakat jadvali qoʻyidagicha:

2020-yil 18-may kuni ertalab soat 7:00 dan Toshkent – Navoiy –Buxoro yoʻnalishida 762-sonli, oʻsha kuni soat 16:28 dan Buxoro – Navoiy – Toshkent yoʻnalishida 761-sonli;

2020-yil 18-may kuni ertalab soat 8:00 dan Toshkent–Qarshi yoʻnalishida 760-sonli, oʻsha kuni soat 17:58 dan Qarshi – Toshkent yoʻnalishida 759-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar;

2020-yil 18-may kuni ertalab soat 8:05 dan Toshkent Janubiy vokzalidan Toshkent–Andijon yoʻnalishida 60-sonli va oʻsha kuni soat 15:33 dan Andijon –Toshkent yoʻnalishida 59-sonli yoʻlovchi poyezdlar harakati boshlanadi.

“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” AJ.