“Milliy kino san’ati saroyi”da “Faqat 12 dan keyin…” badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Film premerasida taniqli yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirok etdi.

Yangi yil ruhi, mehr, umid va ezgulik sari intilish, oila muqaddasligi kabi g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan ushbu film tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Filmda so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla tizimini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ijtimoiy himoya, yoshlar va aholi bandligi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar hayotiy voqealar va oddiy insonlar taqdiri orqali badiiy ifoda etilgan.

Yangi kartinaning badiiy rahbari – Avazxon Tojixonov. G‘oya mualliflari — Sirojiddin Rustamov, Iqbol Meliqo‘ziyev. Prodyuser – Iqbol Meliqo‘ziyev. Ssenariy muallifi – Umid Ro‘ziboyev.
Filmda asosiy rollarni Matyoqub Matchonov, Tohir Saidov, Aziza Begmatova, To‘xtamurod Azizov, Huvaydo Jumayeva, Tolib Mo‘minov va boshqa aktyorlar ijro etgan.
N.Usmonova, O‘zA