Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston bilan muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Tashkilotning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bu borada izchil harakatlar olib bormoqda, bugungi kunda qator sohalarga oid istiqbolli ishlarni davom ettirmoqda.
Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Buxoro viloyatining Buxoro va Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlaridagi aholi xonadonlariga jami 20 ta motokultivator yetkazib berdi.
Ta’kidlash kerak, benefitsiarlar mahalliy hokimliklarning tavsiyalari asosida tanlab olingan.
Tadbir “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi doirasida tashkil qilingan.

Bundan asosiy maqsad yerdan yanada samarali foydalanish va yuqori daromad olish uchun qishloq hududlaridagi uy xo‘jaliklarini rivojlantirishga ko‘maklashishdir.
Ma’lum bo‘lishicha, avvalroq ularga boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari – Qashqadaryo viloyatidagi aholi xonadonlariga 20 ta suv nasosi va 10 ta qo‘l purkagich, Buxoro viloyatidagi xonadonlarga esa 10 ta motorli burg‘ulash uskunasi, 10 ta qo‘l purkagich va 10 ta suv nasosi topshirilgan.
– Topshirilgan jihoz va uskunalar tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashadi, bu esa o‘z navbatida ularning egalarini ish bilan ta’minlash va daromadlarini oshirish imkonini beradi. Bu loyihaning maqsad va vazifalariga mos keladi,– deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida Buxoro cho‘l yaylov o‘simliklari urug‘chiligi ilmiy ishlab chiqarish markazi eng zamonaviy laboratoriya jihozlari, jumladan, laboratoriya tarozilari, anemometr, burg‘ulash uskunasi, refraktometr, motokultivator va kichik o‘t o‘rgich mashinasi bilan ta’minlandi.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish maqsadida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash ham loyiha missiyasiga to‘liq mos keladi.

Loyiha Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, loyiha BMTning qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi hamda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA