Bu yilgi bayram tantanalari yurtimizda «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan shior ostida nishonlanmoqda.
Albatta, bugungi kunda Mustaqillik sharofati bilan Oltiariq tumani ham kun sayin chiroy ochib, barcha jabhalarda islohotlar olib borilmoqda. Aholi turmushini yaxshilash, odamlar roziligiga erishish, Vatanimiz salohiyati, moddiy, iqtisodiy hamda intellektual kuch-qudratimiz tobora oshib, shaharu qishloqlarimizning qiyofasi o‘zgarib borayotgani kishini xushnud etadi.

Xalqimiz qutlug‘ ayyomni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida o‘tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.
Fidoyilik ko‘rsatayotgan bir guruh Oltiariqlik yurtdoshlarimizga ham Prezidentimiz Farmoni bilan ta’sis etilgan «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Tuman hokimi Xolmirza Niyozov mukofotlarni topshirarkan, dastavval mustaqillik ulug‘ ne’mat ekanligini alohida ta’kidladi.
Esdalik nishoni sohiblari ham tadbirda so‘z olib, ushbu e’tirof mas’uliyat, xalqning rizoligi yo‘lida yanada fidokorona mehnat qilishga undashini ta’kidladilar.
Shohsulton To‘xtamatov,
jurnalist