Jizzaxda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining viloyatdagi ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan bir guruh eng faol rahbar va mutaxassislar viloyat hokimining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari A.Savurbayev, Raqamli texnologiyalar vazirligi viloyat hududiy sho‘basi boshlig‘i G‘.Qurbonov va boshqalar so‘zga chiqib, viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi eng jadal suratlar bilan rivojlanayotgan soha ekanligini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining rivojlanishi dunyo iqtisodiyotining o‘sishiga bevosita ijobiy ta’sir o‘tkazishini hamda keyingi yillarda viloyatida ham mazkur sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidlashdi.

Viloyatning aholi gavjum hududlarida yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida 8 ming 421 kilometrdan ortiq aloqa kabellari yotqizilib, 145 ming 64 ta keng polosali internet porti o‘rnatildi. Internetga ulanish tezligi va sifatini yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya transport tarmog‘i o‘tkazuvchanligi viloyat markaziga qadar 600 gegabayt soatga va tumanlar markazlariga qadar 60 gegabayt soatga oshirildi.


Viloyatning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilgan “Raqamli texnologiyalar” o‘quv-markazlarida 17 mingdan ortiq yoshlar kompyuter savodxonligi, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida o‘qitilib, viloyat markazida IT-Park Jizzax filiali tashkil etildi. Viloyatdagi 23 ta dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona esa IT-Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Jizzax shahrida ikkita masofaviy xizmatlar eksporti markazlari tashkil etilib, 2022 yilda 295 ming AQSH dollari miqdorida IT-xizmatlar eksporti amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyihalarni amalga oshirishda bevosita jonbozlik ko‘rsatayotgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, Jizzax viloyati hokimining 2023 yil 6 maydagi farmoyishiga asosan viloyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining ravnaqi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi kompaniya va jamiyatlar, korxona va tashkilotlarning viloyat filiallarida xizmat qilatayotgan bir guruh mutaxassislar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
A.QAYUMOV, O‘zA