Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faoliyatimiz samaradorligi yanada ortadi
20:07 / 2025-09-13

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisida Qonunchilik palatasi tomonidan 2025 yil 1 iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni tasdiqlanib, qabul qilindi.

Qabul qilingan ushbu qonun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda demokratik jarayonlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish va yanada mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.  

Ushbu qonun bilan jamoat birlashmalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi soddalashtirilib, moliyaviy imkoniyatlari yanada kengaytirilganligini barcha jamoat tashkilotlari qatori, biz milliy-madaniy markazlar vakillari ham mamnuniyat bilan qabul qildik. Qonun mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tiborning, olib borilayotgan xalqchil va oqilona siyosatning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mazkur qonun hujjati milliy-madaniy markazlar faoliyati uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Ya’ni:

Birinchidan, qonunning 3-moddasi, 3-bandida “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Qolaversa, markazlarning asosiy e’tiborni madaniy-ma’rifiy faoliyatga qaratishiga keng imkon beradi.

Ikkinchidan, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 21-moddasi yangi tahrirda bayon etilib, davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish mexanizmlari yanada aniqlashtirildi. Bundan tashqari, davlat organlariga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tashabbusli loyihalarni qo‘shimcha moliyalashtirish huquqi berildi. Bu o‘zgarishlar yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlarning milliy urf-odat, an’analari va madaniyatini asrab-avaylashga, targ‘ib etishga qaratilgan loyihalar uchun yangi moliyaviy manbalarni ochib beradi.

Uchinchidan, qonunda fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari belgilandi. Bu bizga madaniy merosni saqlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kabi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni davlat organlari bilan bevosita hamkorlikda amalga oshirish imkonini beradi.

Muxtasar aytganda, ushbu qonun milliy-madaniy markazlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Markazimiz qonunda belgilangan imkoniyatlardan foydalangan holda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolarning milliy qadriyatlarini saqlash va targ‘ib etishga, yurtimiz ravnaqi, mamlakatimizdagi millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash yo‘lida yanada samarali faoliyat olib boradi.  

Obidjon Nosirov,  

Qirg‘iz milliy-madaniy markazi  

Andijon viloyati bo‘limi raisi.

O‘zA