Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi vakil Biznes-ombudsman tomonidan natijali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida faoliyati to‘xtagan yettita xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari rahbarlari soliq organi tomonidan asossiz jarima qo‘llanilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat yo‘lladi.
Aniqlanishicha, ushbu shirkatlar 2020 yilda faoliyati to‘xtatilib, ularning debitor-kreditor qarzdorliklari va boshqa barcha moliyaviy hujjatlari yangi tashkil etilgan boshqaruv servis kompaniyalariga o‘tkazilgan. Biroq faoliyati to‘xtagan shirkatlarga texnik xato sababli 23 million 800 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.
Biznes ombudsman tomonidan ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida faoliyati to‘xtagan shirkatlarga asossiz tayinlangan jarimalar bekor qilinishi ta’minlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA