Yoshlar ijod saroyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida oliy ta’lim muassasalaridagi Boshlang‘ich tashkilotlar vakillari ishtirokida “Yoshlar yetakchilari forumi” bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida Boshlang‘ich tashkilotlar tashkil etilgan bo‘lib, ularda yoshlar yetakchilari va yo‘nalish koordinatorlari faoliyat olib boradi. Oliy ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan turli tanlovlar, tadbirlar va uchrashuvlar hamda yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalaridagi yoshlar yetakchilari faoliyati sarhisob qilindi. Amalga oshirilgan ishlar tahlili va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Forum avvalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan talaba-yoshlar yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha maxsus rolik namoyish etildi. Hamkor tashkilot rahbarlari va ekspertlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Forumning ikkinchi qismi ishtirokchilar uchun muhim va qiziqarli mavzulardagi seminar-treninglar bilan davom etdi. Xususan, “Zamonaviy lider psixologiyasi” va “Zamonaviy boshqaruv usullari” mavzularida ekspert-mutaxassislar tomonidan interaktiv o‘quv-treninglar o‘tkazildi.



Shundan so‘ng, estradamiz yorqin yulduzlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Forum yakunida yil davomida faol va namunali faoliyat olib borgan yoshlar yetakchilari taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA