Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol yoshlar rag‘batlantirildi
10:40 / 2024-06-27

Navoiy shahrida “Yoshlar oyligi” doirasida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Unda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida so‘z yuritib, bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.  

2023-2024 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 11-sinfini 10 ming 646 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 624 nafari oltin va 34 nafari kumush medallari bilan taqdirlangan bo‘lsa, 1829 nafari esa milliy va xalqaro sertifikatlarini qo‘lga kiritgan.  

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalariga kirish istagida bo‘lgan bitiruvchi sinf o‘quvchilarining 96 foizi hujjat topshirib, test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 1321 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalarining talabalari safiga qabul qilindi.  

Bundan tashqari asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 5 nafar o‘quvchi g‘olib bo‘lgan.  

[gallery-18009]

Iqtidorli yoshlarni oliygohlarda seleksiya qilish maqsadida 550 nafar iqtidorli talabani rahbarlar, dekan va kafedra mudirlariga, ishlab chiqarish vakillariga “Ustoz-shogird” tizimi asosida biriktirilib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Joriy o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidagi davlat stipendiyasiga 2 nafar, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga 10 nafar, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasiga 2 nafar, Bobur, Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasiga 1 nafardan, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga 3 nafar talaba sazovor bo‘ldi.  

Bundan tashqari 2022 yildan buyon tashkil qilinib kelinayotgan Mirzo Ulug‘bek vorislari respublika tanloviga 60 dan ortiq talaba startap loyihalari bilan qatnashib, respublika bosqichida 23 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.  

Bugungi kunda viloyat oliy ta’lim muassasalarida 160 nafar yosh doktorant, tayanch doktorant va stajyor tadqiqotchi tahsil olmoqda va ular tomonidan dissertatsiya ishlari tayyorlanib, ilmiy natijalari amaliyotga tatbiq etilmoqda.  

Tadbirda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda kelgusida belgilangan rejalar haqida ham so‘z yuritildi.  

Ta’kidlanganidek, joriy yildan boshlab faol va a’lochi o‘quvchi va talabalarga “Viloyat hokimi stipendiyasi” ajratiladi. “Zakovat” va “Munozara” klubi a’zolariga kerakli sharoitlar yaratib beriladi.  

Uchrashuvda yoshlar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.  

Tadbir so‘nggida faol va barcha yo‘nalishda tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan yoshlar munosib rag‘batlantirildi.  

 

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari