Andijon shahridagi Yoshlar markazida faol va tashabbuskor yoshlar yetakchilarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Keng jamoatchilik vakillari hamda mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘tgan tadbirda so‘zga chiqqan Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi rahbari Akmaljon Tangirqulov mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining izchil ijrosini ta’minlashda mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilarining o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ular bugungi kunda yurtimiz yoshlarining muammolarini o‘rganish va hal etishda chinakam ko‘makchiga aylanib borayotganini qayd etdi.

Ayni kunda viloyatdagi 879 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan yetakchilar yoshlarning muammolarini o‘rganish, hal etish, tashabbus, xohish va istaklarini yuzaga chiqarish, ayniqsa, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish kabi qator yo‘nalishlarda salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda.


Tadbirda yoshlar yetakchilarining ana shu yo‘nalishlardagi samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Unda 2025 yilda o‘zining faolligi va tashabbuskorligi, namunali faoliyati bilan ajralib turgan bir guruh yoshlar yetakchilari Yoshlar ishlari agentligi direktorining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari