Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida "Ayolga ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos oliy qadriyat" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamda ijod maktabi hamkorligida Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni sovrindori Nasibaxon To‘ychiyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi ishtirokida tashkil etilgan tadbirda ijod maktabining o‘qituvchilari, o‘quvchi qizlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ehtirom, jamiyat rivojida ayollarning o‘rni va roli, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, fidoyi, yuksak salohiyatli, izlanuvchan, o‘z kasb-korining ustasi bo‘lgan opa-singillarimiz safini kengaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, madaniy manfaatlarini himoya qilish, faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, gender tengligini ta’minlash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
[gallery-10984]
Shuningdek, davra suhbatida mamlakatimizda yoshlar, xususan, qizlarning o‘qishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli namoyish etishi uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar, ulardan oqilona foydalanish muhimligi alohida ta’kidlandi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun yurtimiz yoshlari, qizlarimiz uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan, – deydi Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Nasibaxon To‘ychiyeva. – Ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ilm-fan, san’at, sport, tadbirkorlik, qo‘yingki, turli sohalarda yuksak natijalarga erishayotgan qizlarimiz safi yildan-yilga ortmoqda.
Biz faollar, ziyolilar faoliyatimizda jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashaydigan faol, tashabbuskor va fidoyi qizlarni tarbiyalash borasidagi ishlar ko‘lami va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan qizlar bilan ishlash, ularning faolligini, yetakchilik salohiyatini oshirish, hayot maktabiga tayyorlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Ishtirokchilarning faolligi, qizg‘in savol-javoblar tarzida o‘tgan tadbir mehmonlari o‘quvchi qizlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
Yakunda o‘quvchi qizlar o‘zlarining ijod namunalaridan o‘qib berdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA