Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol va tashabbuskor matbuot kotiblari taqdirlandi
00:38 / 2021-06-24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh bezon” mavzusida anjuman o‘tkazildi.

Vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari hamda hokimliklar axborot xizmatlari xodimlari ishtirok etgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni e’tirof, kamchiliklarni bartaraf etishdir.

– O‘tgan davrda har bir davlat idorasi va hokimlikda Prezidentimizning mazkur qaroriga asosan davlat axborot siyosatini yuritishga bevosita mas’ul bo‘lgan shaxslar armiyasi yaratildi,–deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev. 

– Agentlik va uning xududiy boshqarmalari tomonidan jami 685 nafar matbuot kotibligiga nomzodlar suhbatdan o‘tkazilib, ularning xulosalari asosida tashkilotlar rahbarlarining matbuot kotibi-axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Qaror qabul qilingunga qadar axborot xizmatlari sohasida jami 433 nafar mutaxassis faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning umumiy soni qariyb 1100 nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, tadbirda qonunchiligimizdagi kamchiliklar, ya’ni jurnalist so‘rovini qayta ishlash va ularga javob qaytarilishi muddatlarining aniq ko‘rsatilmaganligi va buning ustida yana ishlash kerakligi kabi masalalar ham ko‘tarildi. Agar ushbu masalalarning hech bo‘lmasa 50 foizi tez orada hal bo‘ladigan bo‘lsa, axborot xizmatlariningfaoliyati uchun juda katta turtki bo‘lishi mumkin.

[gallery-2896]

– Axborotga hamisha, hamma davrlarda talab yuqori bo‘lgan, –deydi Navoiy viloyati hokimligining matbuot kotibi Iskandar Ahmedov. –Ammo hozirgi kunda axborot xizmati faoliyatini u darajada qoniqarli, deb aytib bo‘lmaydi. Chunki bu kasb hali yangi, ilk qadamlarini endigina qo‘yib, rivoj topayotir. Ammo bu kasbning kelajagi yorqin. Kelajak uchun hozirdan harakat qilsak, ko‘zlagan rejalarimizga albatta erishamiz.

Yuqorida qayd etilgan qarorda axborot xizmatlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida axborot makoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirib borish,qolaversa, davlat organlari ochiqligini ta’minlash, axborot xizmatlari faollashuviga Agentlik tomonidan matbuot kotiblari faoliyati baholab borilishi ham kiritilgan.

Birgina misol, davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblarining 2021 yil 1-chorakdagi faoliyati samaradorligi o‘rganilganda 18 nafar matbuot kotibining ish natijalari yuqori darajada baholangan.

–Jurnalist erkin ijodkor bo‘lgani bois o‘zi istagan axborotni erkin yondashib, yoritib bera oladi,–deydi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva.– Matbuot xizmatida ishlash esa ma’lum bir sohada olib borilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish degani. Hozir davlat tashkilotlarining faoliyati birmuncha ochiqlangan. 

Jurnalist bo‘lib ishlaganda birorta ma’lumotni olish uchun tashkilotga xat bilan murojaat qilgan paytlarim bo‘lgan. Javoblarni kutish uchun ancha vaqtimiz ketar, jamoatchilik esa axborotni o‘z vaqtida qabul qilmasdi. Axborot qanchalik o‘z vaqtida jamoatchilikka yetkazilsa, muammolarning oldi shuncha erta olinadi.

Tadbir so‘nggida samarali mehnat qilgan, faol va tashabbuskor matbuot kotiblariga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Nigora Rahmonova, Alimurod Mamadaminov (foto), O‘zA