Sirdaryo viloyatini Oqoltin tumanida yoshlarning harbiy tayyorgarligi, jismoniy va ma’naviy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Musobaqa davomida ishtirokchilar nafaqat shaxsiy tayyorgarligi va mahoratlarini namoyon etdilar, balki jamoaviy ruh va strategik fikrlash qobiliyatlarini ham sinovdan o‘tkazishdi.

Musobaqa dasturi doirasida ishtirokchilar bir qator murakkab va qiziqarli bellashuvlarda ishtirok etishdi. Jumladan, saf tayyorgarligi, harbiy estafeta, AK-74 kalashnikov avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va qayta yig‘ish, mohir merganlik hamda jamoaviy strategik bellashuvlar tashkil etildi. Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tdi, har bir jamoa g‘alaba uchun astoydil harakat qildi.

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning intizomi, jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi va jamoaviy hamkorlik qobiliyatlarini yuqori baholashdi. Ayniqsa, bellashuvlardagi taktik xulosa chiqarish va tezkor qaror qabul qilish mahorati alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni tumandagi 10-sonli umumta’lim maktabining “Vatanparvarlar” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin 14-sonli umumta’lim maktabining “Lochinlar” jamoasiga, 3-o‘rin esa 18-sonli umumta’lim maktabining “Jasorat” jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishni oshirish, jismoniy va ma’naviy tayyorgarlikni mustahkamlash maqsadida esdalik sertifikatlari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri