FOTOREPORTAJ
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida jamiyat hayotida faol ishtirok etib, o‘zining fidokorona mehnati, ijtimoiy tashabbuslari hamda ma’naviy-ma’rifiy faoliyati bilan ajralib turgan “Oqila ayollar” harakati a’zolari va mahalla xotin-qizlar faollarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir ayollarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish, ularning faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda ezgu tashabbuslarini e’tirof etish maqsadida tashkil etildi. Marosimda Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyorova ishtirok etib, yig‘ilganlarni samimiy qutladi.
Bugun jamiyatimiz taraqqiyotida ayollarning faolligi, ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni tobora ortib bormoqda. “Oqila ayollar” harakati ana shu jarayonda muhim kuch bo‘lib, oilalar mustahkamligi, yoshlar tarbiyasi va mahallalarda sog‘lom muhitni shakllantirishda munosib hissa qo‘shib kelayotir, - dedi M. Mamadiyorova.
[gallery-27107]
Bugungi kunda “Oqila ayollar” harakati nafaqat maslahat va targ‘ibot ishlari bilan, balki amaliy ko‘mak, hayotiy tajriba va mehr-muruvvat orqali jamiyatda totuvlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Taqdirlash marosimi esa jonkuyar opa-singillarimizning mehnatini rag‘batlantirib, ezgu ishlariga munosib baho berish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA