Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol tadbirkorlar mehnati e’tirof etildi
10:34 / 2025-08-20

Navoiy viloyat hokimligida 20 avgust-- Tadbirkorlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Unda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, yurtimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ularga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar xususida to‘xtalib o‘tdi.  

Ta’kidlash o‘rinliki, Prezidentimiz boshchiligida xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlar ketma-ket bartaraf etilmoqda. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, yalpi ichki mahsulotda xususiy ishlab chiqaruvchilar ulushini izchil oshirishga qaratilgan davlat dasturlari bugun o‘z samarasini bermoqda. Mamlakatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar esa yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatda so‘nggi 3 yilda tadbirkorlik sub’ektlari soni 30 ming 364 taga yetdi. Bu ko‘rsatgich viloyatda tadbirkorlar soni qariyb 7 karraga oshganligini ko‘rsatadi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 76,8 million dollarlik 303 ta loyiha ishga tushirilib, 2888 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatda bugungi kunda qadar 184 ta eksport korxona mavjud bo‘lib, 135,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 7 oyda kichik va yoshlar sanoat zonalari tadbirkorlari tomonidan jami 65,3 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan va 4 million 450,4 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan.  

Bugungi kunga qadar 14 ta yangi davlatlar bozorlari o‘zlashtirilib, qo‘shimcha 8,8 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi hamda eksport geografiyasidagi davlatlar soni 52 taga yetkazildi.

Viloyatda 2024 yilda 621,9 million dollar, joriy yilning birinchi yarmida  esa 643,1 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.  

--Korxonamizda “Muhtasham” brendi ostida turli mebelsozlik mahsulotlari ishlab chiqariladi,--deydi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi, Navoiy shahridagi “Xovandamir Holding” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Husniddin Gapparov.-- Bugungi kunda korxonamizda 150 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qilib kelmoqda. Bu yerda mebelsozlik, MDF eshiklar ishlab chiqarish yo‘nalishida ilk bor mahalliy bozor uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozir 20 dan ortiq, jumladan, MDF eshiklar, korpus (oshxona, yotoqxona va ofis to‘plamlari) va yumshoq mebellar hamda metall (metall eshik, shkaf, seyf va ko‘cha chiroq ustunlari) buyumlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning katta qismi xorijga eksport qilinmoqda. Joriy yil yakunigacha Navoiy shahrida “Metall buyumlar zavodi”ning “B” blogini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Natijada 10 turdagi mahsulotni “konveyer” usulida seriyali tarzda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi va qo‘shimcha 35 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan taqdirlangan bir guruh soha xodimlariga “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni hamda viloyat hokimining faxriy yorliq va estalik sovg‘alari topshirildi.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri