“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan talabalarning huquqiy-siyosiy ongini yuksaltirish, ularda siyosiy bahs va muloqot madaniyatini shakllantirish, texnologiyalarga oid bilimlarni mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini, ijtimoiy-siyosiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Siyosat maydoni” siyosiy-intellektual ko‘rik-tanlovi tashkil etilgan edi.

Kuni kecha mazkur ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi. Yakuniy bosqichda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti birinchi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ikkinchi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlaganidek, bugungi kunda professional siyosatshunoslarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Dunyodagi eng qudratli davlatlar avvalo, keng qamrovli va yuksak malakali siyosiy elitaga ega davlatlardir. O‘zbekiston oldida turgan muhim vazifalardan biri ham zamonaviy, professional va keng qamrovli milliy siyosiy elitani shakllantirish.
“Siyosat maydoni” tanlovi ham ushbu maqsad sari muhim qadam bo‘lib, yoshlarning yetakchilik qobiliyatini yuksaltirish, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish va kelajak siyosatchilarining yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Ishtirokchi jamoalar tanlov ekspertlari tomonidan taqdim etilgan “keys”lar asosida mamlakatimiz hamda xalqaro maydondagi dolzarb siyosiy jarayonlarni muhokama va munozaralar orqali chuqur tahlil qildi.
Tanlovda “Eng yaxshi tahliliy maqola muallifi”, “Eng yaxshi tahliliy taqdimot”, “Eng yaxshi notiq”, “Eng yaxshi improvizatsiya”, “Eng yaxshi siyosiy tahlilchi” va “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha va siyosiy tashabbus” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, partiya tomonidan munosib taqdirlandi.
M.Komilova,
O‘zA