Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili mamlakatimiz hayotida muhim yil bo‘ldi
17:46 / 2019-12-19

Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilgan so‘rovda 18 yoshdan katta fuqarolar, xususan, turli etnik va ijtimoiy guruh vakillari ishtirok etdi.


Mustaqil O‘zbekiston tarixining yana bir yili yakuniga yetmoqda. Mamlakatimizning aksariyat fuqarolari 2019 yil turli sohalarda ijobiy o‘zgarishlarga boy bo‘lganini qayd etmoqda. Ular ko‘zlagan rejalarini u yoki bu darajada amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan va endi ko‘tarinki kayfiyatda 2020 yilni kutib olishga tayyorlanmoqda. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalari ham buni tasdiqlab turibdi.

“O‘zbekiston: jamoatchilik fikri – 2019” mavzusidagi so‘rov o‘zbekistonliklarning ijtimoiy kayfiyati, aholining Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida davlat, jamiyatning muhim sohalarida erishilgan yutuqlardan qoniqish darajasini o‘rganish maqsadida o‘tkazildi.

Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilgan so‘rovda 18 yoshdan katta fuqarolar, xususan, turli etnik va ijtimoiy guruh vakillari ishtirok etdi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili mamlakatimiz hayotida muhim yil bo‘ldi. So‘rov ishtirokchilarining 84,6 foizi davlatimizning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ijobiy baho berdi va uni “yaxshi va barqaror” deb baholadi. So‘rov jarayonida fuqarolar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya salohiyati, ijtimoiy soha va ta’limni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishilganini qayd etdi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganishga qaratilgan so‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev xalq orasida yuksak obro‘ va ishonchga ega.

So‘rov qatnashchilarining 96,3 foizi – aholining turli ijtimoiy qatlamlari vakillari, erkaklar va ayollar, yoshlar, o‘rta va katta yoshdagi fuqarolar, turli kasb egalari davlatimiz rahbarini qo‘llab-quvvatlashi va Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar insonlar hayotini yaxshilashga va ularning yashash sifatini o‘zgartirishga xizmat qilishiga ishonishini bildirdi. Aholi Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri, deb hisoblaydi, chunki ular ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda yuksak o‘sish sur’atlarini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlamoqda, odamlarning ertangi kunga va O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

79,4 foiz fuqarolarning fikricha, joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti va uning ma’lum tarmoqlari, sohalariga zarur darajada sarmoya kiritishni ta’minlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Fuqarolar investitsiyaviy muhitning yaxshilanishi va investitsiyaviy dasturlarning amalga oshirilishi yakunlanib borayotgan yilda iqtisodiyotni yuksaltirish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi, energetika sohasi va turizmni rivojlantirishda muhim omillardan biri bo‘ldi, deb hisoblaydi. So‘rov ishtirokchilarining 72,5 foizi davlat siyosati faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilganini e’tirof etdi.

Aksariyat so‘rov ishtirokchilarining (88,5 foiz) qayd etishicha, 2019 yilda O‘zbekistonning jahon maydonidagi xalqaro imijini mustahkamlash va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ochiq va pragmatik siyosati, mamlakatlar bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslari samarasida xalqaro hamkorlikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilmoqda, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi yo‘nalishlar va keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. So‘rov ishtirokchilari tugab borayotgan yilda xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, savdo aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlash, O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lganini qayd etgan. Aholi davlatimiz rahbarining chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv, energetika resurslarini boshqarish bilan bog‘liq kompleks masalalarga oid qarorlarini faol qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘rov ishtirokchilari mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning jamiyat hayotiga integratsiyalashuviga xizmat qiladigan teng shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan mislsiz chora-tadbirlar qabul qilinayotganini ta’kidladi.

80,9 foiz fuqarolarning fikricha, arzon turar joylarning qurilishi va ularning imtiyozli narxlarda sotilishi, shahar va qishloqlarning obod bo‘lishi, yo‘llar, ijtimoiy ahamiyatga ega muassasalar, jumladan, poliklinikalar, shifoxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalarining qurilishi va rekonstruksiya qilinishi tugab borayotgan yilning muhim voqealaridandir.

72,1 foiz so‘rov ishtirokchilari tibbiyot sohasidagi o‘zgarishlar, tibbiy yordam ko‘rsatish tizimining yaxshilangani, tashxis qo‘yish va davolashning yangi texnologiya va usullari joriy etilayotganini alohida qayd etdi. Sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar infratuzilmani takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va aniqlashda yagona muhitni shakllantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini, mutaxassislar tayyorlash darajasi hamda tibbiyot xodimlarining ish haqini oshirish, dori-darmon va tibbiy texnika narxlarini arzonlashtirishga xizmat qilmoqda.

68,7 foiz respondentlarning fikricha, 2019 yilda bolalar bog‘chalari, maktablar, oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalariga boruvchi bolalar soni sezilarli darajada oshgan. So‘rov jarayonida fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining qabul qilinishi yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi, ularni sifatli oziq-ovqat, tibbiy xizmat bilan ta’minlash hamda bolalarni maktabga tayyorlashga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

So‘rov monitoringi davomida so‘nggi yillarda ishga joylashish muammosi eng dolzarb hisoblanishi aniqlandi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlar, birinchi navbatda zarur bo‘lgan eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak narxi oshgani ham qayd etildi.

Tadqiqot davomida so‘rov ishtirokchilarining 68,1 foizi o‘tgan yilda mamlakatda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ularning oilalari moddiy ahvoliga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini qayd etgan. Fuqarolarning 84,1 foizi 2019 yilda o‘zlarining moddiy ahvoli yaxshilangani va barqaror darajada saqlanib qolganini ma’lum qilgan. O‘tgan yilda aksariyat o‘zbekistonliklarning oila budjetiga pul mablag‘lari miqdori, ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, tadbirkorlik, fermerlik faoliyatidan ko‘rilayotgan daromadlar miqdori oshgani kuzatildi.

Shaxsiy uy-joy, avtomobil, kompyuterga (noutbuk yoki planshet) ega bo‘lgan fuqarolar sonining oshgani ham oilalarning moddiy ahvoli va yashash darajasi yaxshilanganidan dalolatdir.

Insonlarning shaxsiy hayoti bilan bog‘liq voqea-hodisalar: yaxshi oilaviy munosabatlar, ko‘tarinki kayfiyat, o‘qish va ishdagi muvaffaqiyatlar, yoqtirgan ishi bilan shug‘ullanish jamiyatda ijobiy kayfiyatni shakllantiruvchi omillardan sanaladi. So‘rovning aksariyat ishtirokchilari yangi yilda ular o‘zlarini tashvishga solayotgan muammolar hal etilishiga ishonchi komil.

Fuqarolarning fikricha, bo‘lajak saylovlar milliy mustaqillikni yanada mustahkamlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish, yaqin kelajak va uzoq muddatda strategik maqsadlarga erishish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ladi.

So‘rov natijalari shuni tasdiqladiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan va “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ustuvor g‘oyasi asosidagi o‘zgarishlar fuqarolarning ijtimoiy kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, o‘zbekistonliklarning yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Bunda komillikka intilish, faol fuqarolik pozitsiyasi va O‘zbekiston farovonligiga imkon qadar o‘z hissasini qo‘shish, munosib mehnati bilan o‘zbek xalqining buyukligini yanada boyitish o‘ziga xos xususiyatlardan bo‘lmoqda.

So‘rovning aksariyat ishtirokchilari 2020 yilda mamlakatimizda erishilgan islohotlar sur’atlari saqlab qolinib, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonadi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik
fikrini o‘rganish markazi
materiallari asosida