Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Faol ijodkorlar taqdirlandi
15:50 / 2025-11-06

Toshkent viloyatida tashkil etilgan “Kasaba uyushmalari haqidagi eng yaxshi mavzu” tanlovi g‘oliblari aniqlandi.

11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent viloyat Kengashi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi va hamkor tashkilotlar tomonidan raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanib, onlayn tarzda tashkil etilgan ushbu tanlovga viloyatdagi matbuot, televideniye, radio va internet platformalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, shoirlar hamda mustaqil ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan ko‘plab ijodiy ishlar qabul qilindi. 

Hakamlar hay’ati barcha ijodiy ishlarni nizom asosida xolis baholab, g‘oliblarni aniqladi. Xususan, “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi bo‘yicha “Chirchiq tongi” gazetasi bosh muharriri Iroda Muhamedazizova munosib ko‘rildi. “Eng yaxshi tele va radio reportaj” nominatsiyasi bo‘yicha “Toshkent viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi Televideniye guruhining katta muharriri Gulnora Otajonova, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida eng yaxshi she’r” nominatsiyasi bo‘yicha esa Nurafshon shahri va O‘rta Chirchiq tumanining “Mash’al” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bo‘lim mudiri Ma’murjon Bozoraliyev loyiq topildi. 

Taqdirlash marosimida viloyat Kengashi raisi S.Fayziyeva, Nuroniy jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari A.Nosirov, O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari R.Sheraliyev, viloyatdagi turli darajadagi kasaba uyushmalari tashkilotlari faollari barchaga o‘z tilaklarini bildirdi. G‘oliblar va tanlovda faol ishtirok etganlarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi. 

A.Musayev, O‘zA.