Qaror va ijro
Mamlakatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya bilan qamrab olish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu sa’y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda.

E’tibor va g‘amxo‘rlik samarasini Toshkent viloyati Ohangaron shahri “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Mariya Kim hayotida ham ko‘rish mumkin.
Koreys millatiga mansub, yolg‘iz yashovchi keksa ayol hozirgi kunda Toshkent viloyat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Ohangaron shahridagi "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning doimiy foydalanuvchisidir. Unga ijtimoiy assistent tomonidan vaucher asosida uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur fuqaro uchun haftasiga besh kun davomida kuniga ikki soatdan ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Natijada uch yildan ortiq vaqt davomida to‘shakka mixlanib qolgan M.Kim sog‘lig‘ini asta-sekin tiklab, mustaqil harakatlana boshladi.
– Menga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan juda mamnunman. Salomatligim kundan kunga yaxshilanmoqda. Uch yildan ortiq vaqt davomida to‘shakda yotib qolgandim, hozir esa yura boshladim. O‘zbek xalqining mehr-oqibatini yuksak qadrlayman, – deydi Kim Mariya.
Umuman, bu kabi xayrli ishlar tufayli hududlardagi ko‘plab insonlar hayoti yaxshilanyapti. Ayniqsa, "Faol hayotga qadam" dasturi doirasidagi ijtimoiy xizmatlardan barcha mamnun.
Abdilaziz Musayev, O‘zA