“Faol hayotga qadam” dasturi insonlarga ko‘mak bermoqda
Buxoro viloyati Kogon shahri Ziyokor mahallasida yashovchi o‘qituvchi Dilafro‘z Ibragimova bir necha oy avval olgan og‘ir jarohat tufayli xastalik bilan kurashib kelmoqda. Uning ahvoli mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan o‘rganilib, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari bilan qamrab olindi.
Bugungi kunda malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan uyiga qatnov asosida reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Dilafro‘z Ibragimovaning sog‘lig‘ida ijobiy o‘zgarishlar sezilmoqda. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli u asta-sekin harakatlana boshladi, hayotga bo‘lgan ishonchi ortmoqda.
Ushbu xizmatlar inson salomatligini tiklash bilan bir qatorda, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash, ruhiy holatini mustahkamlash va yolg‘izlikni his etmasligiga ko‘maklashish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.