English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Faol hayotga qadam” dasturi amalda
01:10 / 2025-07-07

Prezidentimizning 2025 yil 8 maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 1 iyunidan boshlab “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etildi.

O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish ko‘lamini yanada oshirish hamda ushbu jarayonda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan mazkur dastur doirasida uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish, shaxsiy yordamchi kabi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Dastur doirasida yo‘lga qo‘yiladigan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismini vaucher asosida qoplab berish tizimi joriy etildi.

Ta’kidlash joiz, mamlakatimiz rahbarining qarori ijrosi yuzasidan 2025 yil 18 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

“Faol hayotga qadam” dasturini hayotimizga izchil tatbiq etish borasida Namangan viloyatida ham amaliy ishlarga kirishilib, u dastlabki samaralarni bera boshladi. Hozirgi kunga qadar 45 tadbirkorlik sub’ekti yangi ijtimoiy xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasiga murojaat etgan bo‘lsa, ularning 14 tasi o‘z faoliyatini boshlagan.

Masalan, Pop tumanidagi “Adrenalin Medikal Servis” xususiy korxonasi tomonidan barcha beshta yo‘nalishda xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksa va nogironligi bo‘lgan 226 nafar shaxsga uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati, yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksa va nogironligi bo‘lgan 47 nafar shaxsga tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati, “Kambag‘al oila” reyestrida turuvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj 11 nafar shaxsga kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

Ijtimoiy xizmatlar orasida ancha faollashishi va ehtiyoj katta bo‘lgan kunduzgi qarab turish xizmati Uychi tumanida ham o‘z faoliyatini boshladi. Tumandagi “Shifo davolash servis” xususiy korxonasida joriy qilingan ijtimoiy xizmat bajariladigan mazkur muassasada barcha sharoitlar mujassam bo‘lib, hozirda “Kambag‘al oila” reyestri va “Ijtimoiy himoya” yagona reyestrida turuvchi 18 yoshdan katta bo‘lgan yetti nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj kishi ushbu xizmatdan foydalanib kelmoqda. 

Shuningdek, Kosonsoy tumani Bog‘ibaland mahallasida ham kunduzgi xizmat ko‘rsatish xizmatlari “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida “Kunduzgi parvarish xizmati” markazida belgilangan talab va mezonlar asosida olib borilmoqda.

– Yangi ijtimoiy xizmat turlari o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha 0 dan 62 ballgacha bo‘lgan 18 va undan katta yoshdagi “Kambag‘al oilalar reyestri” yoki “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Zulayho Zayniddinova. – Haftada besh ish kuni davomida kuniga sakkiz soatgacha xizmat ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, uch mahal issiq ovqat va qatnov uchun maxsus transport vositasi tashkil etilgan.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.