So‘nggi yillarda dunyo miqyosida keksayish bilan bog‘liq neyrodegenerativ kasalliklar: Demensiya, Alsgeymer va Parkinson xastaliklari "yuqumli bo‘lmagan pandemiya" sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 55 milliondan ortiq inson xotira va aqliy faoliyatning yo‘qolishidan aziyat chekmoqda. 2050 yilga kelib bu ko‘rsatkich 139 millionga yetishi prognoz qilingan.
Ushbu kasalliklar nafaqat insonning xotirasini, balki uning shaxsiyat sifatida o‘z-o‘zini boshqarish qobiliyatini ham yemirib boradi. Ilgari bu faqat "qarilik belgisi" deb qaralgan bo‘lsa, bugungi tibbiyot bu jarayonni miya hujayralarining patologik nobud bo‘lishi sifatida tasniflaydi. Afsuski, hozirgi kunda ushbu xastaliklarni butunlay davolab bo‘lmaydi, biroq erta bosqichda to‘g‘ri parvarish va ijtimoiy muloqot orqali kasallik kechishini 30-40 foizgacha sekinlashtirish mumkin.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu yilning 29 yanvarida qabul qilingan qaror aynan shunday bemorlar va ularning oilalari uchun muhim ahamiyatga ega.
Gap shundaki, 2026 yil 1 martdan boshlab demensiya, Parkinson yoki Alsgeymer tashxisi qo‘yilgan shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Natija bubemorlar jamiyatdan uzilib qolmaydi. Kunduzgi markazlardagi ijtimoiy faollik va maxsus mashg‘ulotlar miya faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, bemor yaqinlarining biri uning parvarishi uchun ishini tashlashga majbur bo‘lmaydi.
Endilikda reyestrga kiritilgan shaxslarning yashash sharoitlarini har chorakda qayta baholash yoki yillik tibbiy ko‘rik jadvallarini tuzish kabi to‘siqlar bekor qilindi.
Ushbu islohot "Inson qadri uchun" tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaning sifat jihatidan yangi, xalqaro standartlarga mos bosqichga chiqayotganidan dalolat.
Mohigul Qosimova, O‘zA